Urgut yo‘llarini qurishda “Claycrete II” - tuproqni barqarorlashtirish texnologiyasi qo‘llaniladi

Bu innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovning «Xalq so‘zi” gazetasida chop etilgan maqolasida qayd etildi.

- Yo‘l qurilishida tuproqni barqarorlashtirish texnologiyasi - “Claycrete II” yordamida Urgut tumanidagi 216 ming kvadrat metr yo‘l yangi usulda ta’mirlanadi. “Claycrete II” ilg‘or innovatsion yutuqlarga asoslangan, kimyoviy bezarar tuproq stabilizatori bo‘lib, har turli mavsumiy sharoitlarda yo‘l qoplamalarining mustahkamligini ta’minlab beradi. Bu akril qoplama bo‘lib, tuproq yo‘llari shibbalanganida toshdan ham qattiq, mustahkam qoplama hosil bo‘ladi, - deydi vazir. - Shu o‘rinda nima uchun shu yo‘llarga jo‘n shag‘al tashlab qo‘yish mumkin emas, shuncha pul sarflash shartmi, degan savol ham tug‘ilishi mumkin. Gap shundaki, Urgut tog‘li hudud bo‘lgani uchun u yerda yog‘ingarchilik ko‘p, sel kelish xavfi bor, yotqizilgan shag‘alni yog‘ingarchilik bir yilda yuvib yuboradi. Ushbu qoplama mustahkamligidan tashqari, yo‘lning muzlashiga ham to‘sqinlik qiladi.

Bundan tashqari, mazkur texnologiya asfalt yo‘l qurishdan 40 foiz arzon. Agar an’anaviy qurilish ishlari amalga oshirilganida 1 smenada 250 kvadrat metr yo‘l qurilsa, bu texnologiyada 5 ming kvadrat metr yo‘l qurilishiga erishiladi. Yo‘l qurilish xarajatlari 1 kvadrat metri 120 ming so‘mdan 50 ming so‘mga qisqaradi, yo‘ldan foydalanish muddati esa 4 yildan 15 yilga oshadi.

Bundan tashqari, yo‘l qurilishining ekologik xavfsizligi ham ta’minlanadi. Urgut tumanida qurilishi kerak bo‘lgan 216 ming kvadrat metr yo‘lni an’anaviy usulda asfalt yotqizib ta’mirlash uchun 73,8 milliard so‘m pul sarflanib, 600 kun davomida amalga oshirilsa, innovatsion texnologiya asosida 70 kunda yo‘l ta’miri yakunlanib, 35,6 milliard so‘m miqdorida mablag‘ sarflanadi.