Dunyodagi eng g‘alati sho‘rvalar  

Biz ko‘pincha an’anaviy, oddiy va o‘zimizga tanish taomlarni xush ko‘ramiz. Ba’zilar g‘ayrioddiy, yangi va ekzotik narsalarni sinab ko‘rishni yaxshi ko‘radilar.

Quyida keltirilgan g‘alati sho‘rvalar hatto ashaddiy ovqat shinavandalarini ham hayratda qoldiradi. Bu qanaqa taomlar va ularning qanday g‘ayrioddiy narsasi bor?

Menudo

U Meksikada tayyorlanadigan an’anaviy sho‘rva bo‘lib, bosh og‘rig‘iga davo hisoblanadi. Kamida yetti soat qaynatiladigan taom tarkibiga sigir oshqozoni, piyoz, oregano (rayhon), kashnich, Chili achchiq qalampiri va makkajo‘xori kiradi.

Kiburu

Tanzaniyadagi qabila sho‘rvasi - Kiburu banan va loviyadan tayyorlanadi. Sho‘rvaning uchinchi tarkibiy qismi - haqiqiy loy(!) uni dunyodagi noyob taomlardan biriga aylantiradi. Ziravor sifatida daraxt shoxlari ham qo‘shiladi, hosil bo‘lgan qorishmaga suv aralashtiriladi. Lazzati g‘alati darajada tuproq ta’mini beradi.

Qush inidan tayyorlanadigan sho‘rva

Qushlar uyalari Xitoyda pazandalik va kosmetologiyada keng qo‘llaniladi. Aytgancha, bu sho‘rva juda qimmat taom, chunki qush uyalarini terib olish oson emas, ayniqsa ularning kosmetikadagi mashhurligini hisobga olsak.
Qanday qilib uyani yeyish mumkin ekan?

Gap shundaki, xitoyliklarni uya qurgan qushlarning so‘laklari o‘ziga jalb qiladi. Shuning uchun ular qaynatilib, juda g‘ayrioddiy bulon yaratiladi.

Ko‘rshapalak sho‘rva

Bu sho‘rva Palau orolida tayyorlanadi. Buning sababi shundaki, u yerda iste’mol qilinadigan go‘sht mahsulotlari juda kam. Sho‘rvani tatib ko‘rmoqchi bo‘lgan dovyuraklarning ta’kidlashicha, agar tashqi ko‘rinishiga e’tibor berilmasa, uning ta’mi unchalik yomon emas. Axir, kosaning tepasida ko‘rshapalaklar boshi qo‘yilgan bo‘ladi-da.

Qon sho‘rva

Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, xom g‘oz qoni! Ushbu shubhali mazaxo‘rak Vetnamda iste’mol qilinadi. Uning tarkibida tovuq ichak-chavoqlari, yeryong‘oq va ko‘katlar mavjud. Qush grippi bilan kasallanish xavfiga qaramay, sho‘rva jelega o‘xshab qolganda sovuq holda tortiq qilinadi.

Yumshoq qilib aytganda, dunyoda bunday jozibali taomlarni tatib ko‘rmoqchi bo‘lgan jasoratlilar ko‘p emas. Hatto eng qiziquvchan ovqat shinavandalari ham ko‘rshapalakning boshi, xom qon yoki boshqa shunga o‘xshash “nozikliklar”dan uzoqroq turishga harakat qilishadi.

Siz-chi, ushbu sho‘rvalardan birortasini tatib ko‘rgan bo‘larmidingiz?

Bahora Muhammadiyeva.