Usmoniylardan meros qolgan saharlik va iftorlik

Turkiyada Ramazon oyiga xos ajoyib urf-odatlar mavjud. Istanbulning tarixiy gumbazlaridan tortib Onado‘li mahallalarigacha yoyilgan iftor dasturxonlari, saharlikda yangraydigan dovul sadolari va asrlar davomida shakllangan urf-odatlar bu davrga o‘zgacha fayz bag‘ishlaydi.

Iftorlik va saharlik an’analari

Turkiyada Ramazon kunlari iftor vaqti yaqinlashgani sayin shaharlar yanada jonlanadi. Nonvoyxonalar oldida Ramazon pidesi (an’anaviy ravishda Ramazon oyida tayyorlanadigan turkcha non) uchun tizilgan navbatlar shunchaki non kutish emas, balki mahalla ahli uchun diydor va samimiy suhbat oniga aylanadi. Qaynoq pidening isi iftor vaqti yaqinlashganining yaqqol belgilaridan biridir.

Azon yangrashi bilan ko‘chalar asta-sekin bo‘shab, shahar sokinlashadi. Odamlar ro‘zalarini ochish uchun dasturxon atrofida jam bo‘lishadi. Iftorlik dasturxonlari birdamlik va baham ko‘rishning ramzi hisoblanadi. Shu bois bu an’ana “Iftor va ro‘za ochish an’analari” nomi bilan YuNESKOning nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan.

Ramazon dovulchilari

Saharlik vaqtining eng ramziy timsollaridan biri, shubhasiz, Ramazon dovulchilaridir. Texnologiya va soat hali hayotimizga kirib kelmagan zamonlardan meros qolgan bu an’ana bugun ham ko‘plab mahallalarda davom etmoqda. Tun qorong‘usida ko‘chama-ko‘cha kezgan dovulchilar dovul chalib, mahalla ahlini saharlikka uyg‘otadi. Ular aytgan qo‘shiqlar ba’zan hazilomuz, ba’zan esa o‘yga toldiruvchi mazmuni bilan go‘yo madaniy xotiraning ko‘chalarda yangragan sadolaridek jaranglaydi.

Osmondagi yozuvlar: mahyalar

Ramazon kirib kelishi bilan Turkiyaning, ayniqsa Istanbulning shahar manzarasi o‘zgacha qiyofa kasb etadi. Masjidlarning ikki minorasi orasiga chiroqlar (avvallari qandillar, hozir elektr lampalar) yordamida osiladigan yorug‘ yozuvlar “mahya” deb ataladi. Usmoniylar davridan meros bo‘lib qolgan bu noyob san’at hanuz yashab kelmoqda. Ramazon boshida “Xush kelibsan!”, oy o‘rtalarida “Yaxshilik vaqti keldi”, yakunida esa “Xayr, Ramazon!” kabi yozuvlar minoralar orasida porlab, shahar osmonini nurga burkaydi.

“Zimem daftari” va “Tish haqi”

Usmoniylar davridan qolgan Ramazon madaniyatida saxovat va hamjihatlik ruhini ifodalovchi an’analar mavjud. Zimem daftari shulardan biridir. Badavlat kishilar mahalla baqqoliga borib, qarz daftarining tasodifiy sahifalaridagi qarzlarni to‘lab, hisobni yopib qo‘yishardi. Bu jarayonda qarzdor ham kim yordam berganini bilmas, qarzni to‘lagan kishi ham kimga yordam qilganidan bexabar qolardi.

Ramazon bilan bog‘liq yana bir nafis an’ana — “tish haqi”. Ilgari iftorga taklif qilingan mehmonlarga uy egalari “ovora bo‘lib keldingiz, taom tanovul qilib tishlaringiz charchadi” deya minnatdorlik belgisi sifatida hadiya yoki pul taqdim etishgan. Bu esa mehmonni e’zozlash va mehmondo‘stlikning nozik ifodasi sanalgan.

Ramazon muhitini his qilish mumkin bo‘lgan shaharlar

Turkiyada Ramazon har bir shaharda o‘zgacha shukuh bilan nishonlanadi. Ba’zi joylarda tarixiy maydonlar gavjumlashsa, boshqa hududlarda mahalla ko‘chalarida iftor dasturxonlari yoziladi. Ramazon muhitini turli manzaralarda his qilish mumkin bo‘lgan shaharlar orasida, shubhasiz, Istanbul alohida o‘rin tutadi. Ayniqsa, tarixiy yarimorol hududida kechki paytlar o‘zgacha muhit hukm suradi. Sulton Ahmad masjidi atrofi iftor yaqinlashgani sayin odamlar bilan to‘lib toshadi, oilalar maysazorlarga yozilgan dasturxonlar atrofida azon sadolarini kutib o‘tirishadi. Quyosh botib, osmon qizg‘ish rangga burkangan pallada minoralar orasida porlagan mahyalar shahar manzarasiga nafis ko‘rk bag‘ishlaydi.

Onado‘lining yuragida joylashgan Konya Ramazon oyida sakinat va ma’naviyat maskaniga aylanadi. Mavlono Jaloliddin Rumiy ta’limotidagi bag‘rikenglik ruhi ufurib turadigan bu shaharda iftor vaqti yaqinlashgani sayin Mavlono maydoni ro‘zadorlar bilan gavjumlashadi. Shahar nonvoyxonalaridan yangi pishgan go‘shtli nonning hidi ko‘chalarga taralar, iftordan so‘ng esa Selimiye yoki Kapu masjidlaridan yangragan tarovih sadolari tun bag‘riga singib ketadi.

Usmoniylar davlatining ilk poytaxtlaridan biri bo‘lgan Bursa Ramazon an’analari chuqur ildiz otgan shaharlar qatorida alohida ajralib turadi. Shahar timsoliga aylangan Ulu jome masjidi va uning atrofi bu oy davomida kunning deyarli har bir lahzasida gavjum bo‘ladi. Iftordan so‘ng boshlanadigan Hojivat va Karago‘z soyali teatr tomoshalari esa Usmoniylar davridan meros bo‘lib qolgan ko‘ngilochar madaniyatning yorqin namunasi sifatida hanuz ko‘chalarda va madaniyat markazlarida namoyish etilmoqda.

Janubi-Sharqiy Onado‘lining qadimiy shaharlaridan biri — Shonliurfa Ramazonni o‘ziga xos iliq muhit va tuprog‘ining barakasi bilan qarshi oladi. Shahar hayoti, ayniqsa Balikligo‘l atrofida qaynaydi. Iftor vaqtida ko‘l bo‘yidagi yashil maydonlarda yer dasturxonlari yozilib, chig‘ ko‘ftalar (xom katletlar) pishiriladi va yuzlab insonlar bir paytda ro‘zalarini ochadi. Bu shaharda jigar kabobi nafaqat kechki, balki saharlikda ham sevib iste’mol qilinadigan mashhur taom hisoblanadi.

Ramazonga xos lazzatlar xaritasi

Turkiyada Ramazon dasturxonlari alohida taomlar bilan bezatiladi. Gaziantepda iftorlik va bayram dasturxonlarining bosh taomi — yuvalama. Guruch, go‘sht va no‘xatning qatiq bilan uyg‘unlashuvidan tayyorlanadigan bu taom barakaning ramzi sanaladi.

Malatyada esa gilos barglariga o‘ralgan gilos bargi sarmasi iftor dasturxonlarining eng sevimli taomlaridan biridir.

Shirinliklar orasida Mersinning kerebichi, Gaziantepning Ramazon kahkesi, Erzurumning kadayif dolmasi, Bursaning tahinli pidesi alohida o‘rin tutadi.

Ramazon deyilganida esa eng mashhur shirinlik — Usmoniylar saroy oshxonasidan meros gullech yodga tushadi. Makkajo‘xori kraxmalidan tayyorlangan yupqa qatlamalar sut va gul suvi bilan uyg‘unlashib, Ramazon dasturxonlarining eng yengil va nafis shirinligiga aylanadi.

Bayram quvonchi

Bir oylik sabr, ibodat va ma’naviy poklanishdan so‘ng kirib keladigan Ramazon hayiti jamiyatdagi mehr-oqibat va bag‘rikenglikning yana bir bor namoyon bo‘lishidir. Hayit tongida odamlar erta turib, eng ozoda liboslarini kiyadi va masjidlar ibodat qiluvchilar bilan to‘lib ketadi.

An’anaga ko‘ra, kichiklar kattalarning qo‘lini o‘pib hurmat bajo keltiradi, kattalar esa ularga hayitlik ulashadi. Uyma-uy yurib bayram bilan tabriklab, shirinlik yig‘ayotgan bolalarning quvonchi ko‘chalarga alohida fayz bag‘ishlaydi.