Viloyat hokimi "Ecology Mir Group" kompaniyasi rahbari bilan uchrashdi
Adiz Boboyev AQShning "Ecology Mir Group" kompaniyasi asoschisi va ijrochi direktori Adham Yusupov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Delegatsiya a’zolari Samarqandga aniq maqsadlar bilan kelganligini aytib, hududda ikkita yirik loyihani amalga oshirish taklifini bildirdi. Birinchi loyiha – Oqdaryo tumanida zamonaviy yuqori texnologiyali Data-markaz qurishdan iborat bo‘lsa, ikkinchi loyiha – kuchlanishi yuqori bo‘lgan maishiy transformatorlar ishlab chiqarish bo‘yicha yirik zavodni qurib ishga tushirishdan iborat. Energetika loyihasiga bu sohada 50 yildan ortiq tajribaga ega va dunyo bo‘ylab 11 ta zavodga egalik qiluvchi "ATEF Group" xolding jalb etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Bu Samarqand uchun nafaqat yangi ish o‘rinlari yaratish, balki xorijiy texnologiyalarni amaliyotga samarali joriy qilish imkonini ham yaratadi.
Viloyat rahbari har ikki tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, investorlarga har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Ayni paytda tomonlar loyihalarni ishlab chiqish bosqichiga o‘tgan. Mutaxassislar texnik parametrlarni o‘rganmoqda va eng maqbul yer maydonlari tanlanmoqda. Jarayonlar yakunlangach, loyihalar amaliy bosqichga o‘tadi.