Xitoy AQShning Shinjondan import qilishni taqiqlovchi qonuniga qarshi keskin norozilik bildirdi

Pekin Vashingtonni Xitoy ichki ishlariga aralashishni bas qilish va xatolarni tuzatishga chaqiradi, deyiladi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, AQSh prezidenti Jo Bayden Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatidan import qilishni taqiqlovchi va mintaqada majburiy mehnatdan foydalanishga daxldor shaxslarni jazolash to‘g‘risidagi qonunni imzolagan edi.

"Qonun loyihasi faktlarni e’tiborsiz qoldiradi, Xitoy Shinjonidagi inson huquqlari ahvolini g‘arazli ravishda qoralaydi, xalqaro huquq va munosabatlarning asosiy me’yorlarini qo‘pol buzadi. Bir so‘z bilan aytganda, hujjat Xitoy ichki ishlariga qo‘pol aralashuviga aylandi. Xitoy bunga keskin qarshi", - deyiladi Xitoy TIV bayonotida.

Qayd etilishicha, “Mish-mish to‘qish va mojarolarni qo‘zg‘ash uchun Shinjon ko‘p bora AQShga qo‘l kelgan, aslida esa ular inson huquqlari bahonasida siyosiy manipulyasiya va iqtisodiy ta’qib bilan shug‘ullangan. Shinjon barqarorligi va farovonligiga putur yetkazishga uringan, xullas, Xitoy rivojiga g‘ov bo‘lgan".

AQSh rasmiylari esa avvalroq Xitoyning uyg‘urlarga qarshi harakatlarini genotsid sifatida baholash mumkinligini aytishgan edi. Pekin barcha ayblovlarni qat’iyan rad etib, kelajakda vaziyat rivojiga qarab munosabat bildirishi bildirmoqda.