“Yaratganga shukur, sen yana kelding, hamma qonunlarning o‘zgardi kuchi”

Samarqandda shoir Omon Matjon tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan respublika anjumani aynan Samarqand davlat universitetida o‘tkazilishi bejiz emas. El suygan shoir aynan shu maskanda tahsil olgan, talabalik yillaridayoq shu bugunga qadar faoliyat ko‘rsatib kelayotgan “Shalola” adabiy to‘garagiga asos solgan.

Konferensiyada Senator Farmon Toshev, taniqli ijodkor, shoir Salim Ashur, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, shoira Xosiyat Bobomurodova, yozuvchilar uyushmasi vakillari Toshpo‘lat Tugalov, Shodi Otamurodov hamda Omon Matjonning farzandlari ma’ruzalari bilan ishtirok etib, ijodkor va uning faoliyati haqida so‘zlab berdi.

- Samarqand davlat universitetining bitiruvchisi Omon Matjon bilan doim faxrlanganmiz, - deydi SamDU filologiya fakulteti dekani, professor Azamat Pardayev. - Omon Matjon o‘zining badiiy yuksak she’r va dostonlari, dramatik asarlarida Ona yurtimiz va xalqimizga, azaliy qadriyatlarimizga mehr va sadoqat tuyg‘usini katta mahorat bilan tarannum etdi. Uning sermazmun asarlari xalqchilligi va hayotiyligi bilan adabiyotimiz xazinasidan munosib o‘rin egalladi. - Omon Matjon she’riyati mavzular ko‘lamidan ham, obrazlar turfaligidan ham boshqa shoirlar ijodidan ajralib turadi. Shoir she’riyatida o‘ziga xos ritm mavjud. Uning asarlarida xalq og‘zaki ijodi, mumtoz an’analar, zamonaviy she’riyatdagi metaforalar qorishiq holatda uchraydi. Bunda poetik mushohada asosiy maqsadga qaratiladi. Barcha yordamchi g‘oyalar bosh g‘oya atrofida birlashadi. Har bir misrada jilolanayotgan fikrlar oqimi yakuniy xulosada kutilmagan yechim hosil qiladi. Falsafiy teran mushohada kitobxonni lirik qahramon bilan birlashtiradi. Asta sekinlik bilan o‘quvchi lirik qahramon ko‘zi bilan olamga qaray boshlaydi. U kabi fikrlaydi, u kabi zahmat chekadi, dardu-iztiroblarni, quvonchu-shodliklarni birga-birga tortadi.

Tadbir so‘ngida SamDU filologiya fakultetining «Shalola» to‘garagi ijodkorlari hamda viloyat «Xor» ansanbli xonandalari o‘zlarining she’r va qo‘shiqlari bilan ishtirokchilarga kayfiyat ulashdi, deya xabar bermoqda universitet axborot xizmati.