Yosh tashabbuskorlarni birlashtirgan festival

"5 muhim tashabbus – 2021". Samarqand shahar yoshlar markazida o‘tkazilgan bu yilgi festival avvalgilariga o‘xshamadi. Markaz bayramona bezatilgan. Maktab o‘quvchilari tomonidan besh yo‘nalish bo‘yicha ko‘rgazmalar tashkil etilgan.

Ko‘rgazmani tomosha qilish jarayonida bir kulolchilik mahsulotiga rang berayotgan o‘quvchi e’tiborimizni tortdi. Savollar bilan unga yuzlandik.

- O‘quvchimning o‘rniga savollaringizga men javob beraman, - dedi o‘zini Rahmatilla Xushvaqtov deb tanishtirgan kishi. – Bu yigit Ozodbek Rahmatov. Samarqand shahridagi eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar maxsus maktab-internatida ta’lim-tarbiya oladi. Muassasamizda “Yosh ijodkorlar” to‘garagi tashkil qilingan. Ozodbek shu to‘garakka qatnashib, bir qator nufuzli ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etgan va faxrli o‘rinlarni olgan. Yaqinda, oktyabr oyida Moskva shahrida o‘tkazilgan “Yangi avlod” yosh ijodkorlar festivalida tasviriy san’at yo‘nalishi bo‘yicha “Mening qishlog‘im” nomli asari bilan qatnashib, 1-o‘rinni egalladi.

Tadbirning asosiy qismida festival doirasida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov hamda musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan o‘quvchilar, ularning ustozlari munosib taqdirlandi.

- 5 muhim tashabbusning axborot texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim, - deydi Samarqand shahridagi 80-maktab o‘quvchisi G‘olibjon Dilshodov. – Bu tanlovda yengil konstruksiyali qurilish materiallaridan bunyod etilgan binolarni buzmasdan ko‘chirishda qo‘llaniladigan qurilma (kran) loyihasi bilan qatnashgandim.

Viloyat “Barkamol avlod” bolalar maktabi o‘quvchilaridan tashkil topgan doirachilar, vokal, ashula va raqs jamoalarining chiqishlari festivalga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

Festival viloyatning shahar va tumanlaridan kelgan 250 nafardan ziyod tashabbuskor o‘quvchilarni birlashtirdi. Ular bir-birlari bilan tanishib, tajriba almashdi.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov (foto).