1 apreldan keyin «tonirovka»ga ruxsatnomani onlayn olish mumkin

2021 yil 1 apreldan boshlab avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish)ga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ham amalga oshirilishiga imkoniyat yaratiladi. Bu borada Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

«Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, avtotransport vositalarining oynalarining tusini o‘zgartirganlik uchun ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatini olish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat etganda, davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar to‘lanadigan summadan 90 foiz miqdorida to‘lanadi.

Qaror loyihasida Ichki ishlar vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 aprelga qadar:

- avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish)ga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish jarayonining avtomatlashtirilishini;

- avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish)ga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmati Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatilishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan axborot tizimlarining o‘zaro integratsiya qilinishini;

- Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida foydalanuvchining shaxsiy kabinetida shu foydalanuvchiga tegishli bo‘lgan avtotransport vositasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar avtomat tarzda joylashtirilishi va real vaqt rejimida yangilanib borilishini;

- davlat xizmati ko‘rsatilganligi uchun to‘langan to‘lovlar davlat bojlari va yig‘imlar summasi hisobini yurituvchi yagona billing tizimi orqali elektron tarzda amalga oshirilishini ta’minlash topshirilgan.