101 yillik bayram

Turkiya Respublikasi tashkil topgan kun Samarqandda ham nishonlandi.

Samarqand shahrida ushbu sanaga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov, hokim maslahatchisi Nozir Ibragimov, Oliy Majlis Senati a’zosi Farmon Toshev, Samarqanddagi Turkiya Respublikasi bosh konsuli Salih Janer, viloyat va Samarqand shahar hokimligi vakillari, ziyolilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, ayni paytda Samarqandda yashayotgan va faoliyat yuritayotgan Turkiya fuqarolaridan bir guruhi ishtirok etdi.

Dastlab Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning mamlakat mustaqilligining 101 yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrigi videolavha orqali namoyish etildi. So‘ngra konsul Salih Janer bundan 101 yil avval, 1923 yil 29 oktyabr kuni Mustafo Kamol Otaturk tomonidan tashkil etilgan Turkiya davlati bugun jahonda o‘z o‘rni va mavqeiga ega ekanligini ta’kidladi.

- O‘zbekiston Respublikasi dunyo hamjamiyatiga o‘zini mustaqil davlat sifatida e’lon qilganda, buni birinchilardan bo‘lib Turkiya tan olib, do‘stona hamkorlik qo‘lini uzatgan edi, — dedi viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov. — Bugungi kunga kelib ham Turkiya O‘zbekistonning eng ishonchli hamkorlaridan biri sanaladi. O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport kommunikatsiyalari, madaniy-gumanitar, turizm sohalaridagi hamkorlik samarasi o‘laroq bir qator loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, bugungi kunda viloyatimizda deyarli barcha sohalarda turkiyaliklar bilan yaqin hamkorlikda ishlar olib borilyapti.