2019 yilda 6800 ta ixcham issiqxona quriladi

Viloyatimiz aholisi ixtiyorida 60 731 gektardan ortiq tomorqa maydoni bor. Keyingi yillarda olib borilgan targ‘ibot-tushuntirish ishlari natijasida yerdan foydalanish samaradorligi, ayniqsa, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish orqali limon, pomidor-bodring, ko‘kat yetishtirish hajmi sezilarli darajada oshdi, to‘qsonbosti usulida ekinlar ekish yo‘lga qo‘yildi. Aholi orasida tomorqa madaniyatini yanada yuksaltirish, qolaversa, Vazirlar Mahkamasida 2019 yil 17 yanvarda o‘tkazilgan yig‘ilish bayoni ijrosini ta’minlash va 2019 yil hosili uchun bahorgi ekinlar ekish bo‘yicha uyma-uy yurib xonadonlarni o‘rganish ishlari olib boriladi.

- Viloyat bo‘yicha aholi ixtiyoridagi tomorqalarda yil davomida ekilishi rejalashtirilgan, ko‘kat,  poliz-sabzavot va boshqa ekinlar hisob-kitob qilinyapti, - deydi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari viloyat kengashi raisi Abdishokir Rahimov. – 2019 yilda viloyatimidagi 6800 dan ortiq xonadonda 69 gektar maydonda ixcham issiqxonalar qurilishi rejalashtirilgan. Aholi tomorqasida olma, gilos, o‘rik, yong‘oq kabi 10 turga yaqin 433 ming tup mevali ko‘chatlar ekilishi, 81 mingdan ortiq xonadonda qariyb 500 ming bosh chorva va parranda boqishni tashkil etish bo‘yicha hisob-kitoblar olib borilmoqda. Mutaxassislarimiz tomonidan aholi tomorqasi uchun zarur bo‘lgan ko‘chat, urug‘lik va ekin turlari to‘g‘risida haftalik ma’lumotlar bazasi yaratilgan. Bu ma’lumotlar bilan avvalo, aholining tomorqadan qanchalik samarali foydalanayotganini aniqlaymiz, qolaversa, iste’mol bozorida qaysi mahsulotga talab ortishi yoki pasayishi, ortiqcha yetishtirilgan mahsulotning narxi tushib ketishining oldini olish choralarini ko‘ramiz.

        O‘.XUDOYBERDIYeV.