2021 yil nima deb nomlanganligi yodingizdami?
Har yangi yil bayrami arafasida yilning nima deb nomlanishini intiqlik bilan kutamiz. Nom berilgandan keyin esa yil davomida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar haqida muhokamaga kirishamiz.
Ammo oradan oylar o‘tib bu nom biroz esimizdan chiqqandek bo‘ladi. Xullas, shu mavzuda odamlar orasida ijtimoiy so‘rov o‘tkazdik. O‘ylaganimizdek, yil nomi ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilgan ekan. So‘rov natijalari va mutasaddilar fikrlari bilan videolavha orqali tanishishingiz mumkin.
- “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e’lon qilingan 2021 yilda mamlakatimizda, jumladan, viloyatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor alohida, - deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Husan To‘xtayev. – Ular bilan ishlashda alohida tizim yaratildi. Hududiy dasturlar ishlab chiqilib, qariyb 1,5 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. 70 mingdan ortiq yigit-qizlar “Yoshlar daftari”ga kiritildi. Ularning 68 mingdan ziyodi “daftar”dan chiqarilgan. Yoshlarni “daftar”dan chiqarilishi viloyatimizdagi 64 sektor kesimida tahlil qilinganda 500 ga yaqin kamchilik aniqlangan. Bunga yo‘l qo‘ygan sektor kotiblari javobgarlikka tortilyapti.
- Bugungi kunda viloyatimizda 245 ta muassasada aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelinyapti, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Suhrob Zayniyev. – Shu yilning o‘tgan 6 oyi davomida 6 ta oilaviy shifokorlik punkti va 4 ta qishloq oilaviy poliklinikasi ochildi. Shuningdek, ixtisoslashtirilgan yuqori samarali tibbiy xizmatni ko‘rsatish maqsadida viloyatimizdagi davolash diagnostika markazlarida respublikamizning 8 ta ilmiy-amaliy tibbiy markazlarining filiallari ochildi. Ahamiyatlisi, shu paytgacha xorijda, poytaxt va viloyat markazidagi tibbiyot muassasalarida amalga oshirilgan jarrohlik amaliyotlari bugungi kunda tumanlardagi shifoxonalarda ham bajarilmoqda. Bu aholining uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilyapti.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov.
***
Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi grant loyihasi asosida tayyorlandi.