2025 yilda viloyatda 221 nafar pedagog malakadan chetlatildi

Bu haqda viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Xo‘sh, pedagoglar nima uchun malaka oshirish kurslaridan chetlatiladi? Buning bir qancha sabablari bor. Masalan, sog‘ligi tufayli, darslarga to‘liq ishtirok etolmasa yoki yakuniy imtihondan o‘tolmasa malakadan chetlatilishi mumkin.

- Joriy yilda umumta’lim maktablaridan 10 435 nafar, maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan 1263 nafar pedagog malaka oshirgan, ya’ni yillik reja 100,2 foizga bajarilgan, - deydi viloyat pedagogik mahorat markazi direktori Anvar Sobirov. - Malakadan chetlatilgan pedagoglar uch oy ichida qayta malaka oshirishga jalb etiladi. Bunda pedagogning maktabdan oladigan ish haqi saqlanib qolinmaydi. Aslida malaka oshirishga jalb etilgan o‘qituvchilarning ish haqi ularning o‘qishi davomida saqlanib qolinadi. Malakadan chetlatilgan pedagoglar qayta kelib, markazda o‘qib ketishdi.

Bugun viloyat pedagogik mahorat markazida shaffoflikni ta’minlash, pedagoglarga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida ko‘plab amaliy ishlar qilinmoqda. Masalan, markazda tinglovchilar kelib-ketishi Fase id tizimi orqali nazorat qilib borilmoqda. Zamonaviy Google sheets xizmati orqali tinglovchilarning davomati qayd qilinmoqda. Shuningdek, markazga 893,5 million so‘mlik asbob-uskunalar, jihozlar sotib olingan.

Bundan tashqari, joriy yilda markaz professor-o‘qituvchilari tomonidan 3 ta darslik, 14 ta o‘quv qo‘llanma, 5 ta elektron qo‘llanma, 27 ta uslubiy qo‘llanma, 29 ta uslubiy ko‘rsatmalar nashr qilingan.

Rejaga ko‘ra, markazda 2026 yilda 500 o‘rinli yangi bino quriladi va 1200 o‘rinli mavjud bino mukammal ta’mirlanadi.