Raqamli qopqon: Virtual olam yoshlarni yutyapti

Keyingi yillarda internet hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Raqamli texnologiyalar rivojlanishi esa bu jarayonning yanada tezlashishiga sabab bo‘lmoqda. Biz internet deyilganda Instagram, Telegram, Facyebook kabi turli ijtimoiy tarmoqlarni tushunamiz va ulardan faol foydalanamiz. Tan olish kerak, bu platformalar birmuncha qulayliklar yaratib, kundalik hayotimizni osonlashtiradi. Ammo ularning salbiy ta’sirlaridan xabardor bo‘lsak-da, ko‘pincha e’tiborsiz qoldiramiz. Xo‘sh, bu muammoga e’tibor qaratganimiz bilan nimadir o‘zgaradimi? Raqamli dunyo bizni o‘z «qopqoni»ga qanday ilintirmoqda?

Keling, raqamlarga nazar tashlaymiz. Kuniga o‘rtacha 3-4 soat vaqtimizni ijtimoiy tarmoqlarga sarflaymiz. Demak, bir yilda ming yoki 1,5 ming soatlik umrimiz internet bilan o‘tadi, degani. Xo‘sh, ijtimoiy tarmoqlarda biz qabul qilayotgan axborotlarning barchasi ham foydalimi?

Misol uchun, ba’zi tengdoshlarim erta-yu kech telefondan bosh ko‘tarmaydi. Hatto dars payti ayrimlarning jismi auditoriyada bo‘lsa-da, ruhi ijtimoiy tarmoqlarda bo‘ladi. Ustoz ma’ruza qilayotgan vaqtda Instagramda "reyels" ko‘rib, keraksiz ma’lumotlarni qabul qilib o‘tirishganiga guvoh bo‘lyapmiz. Ba’zan «Institutdagi darslar qiziq bo‘lmasa, nega kontrakt to‘lab o‘qiyapti», degan savol ham paydo bo‘ladi. Aslida ular qabul qilayotgan bu axborotlar qiymatsiz ekanini, umrining oltin davrini havoga sovurishga arzimasligini anglab yetmayotgani achinarli.

Bu internetning shiddat bilan ongimizga ta’sir o‘tkazib, bizni o‘z «qopqoni»ga tushirayotganidir. Bizning esa shu «qopqon»dan chiqishga irodamiz yetmayapti.

Xo‘sh, muammoning yechimi qanday? Yechim - yosh avlodga o‘zligini anglatish. Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur kabi yuzlab mutafakkirlar yetishib chiqqanini va ularning yo‘lini biz davom ettirishimiz zarurligini anglashimiz kerak. Ma’naviy ildizlarimizni mustahkamlamasdan turib, yoshlarni virtual olamdan qutqara olmaymiz. Zero, yoshlarning virtual dunyo quliga aylanib qolayotgani sababi ularning maqsadsiz qadam tashlayotgani, ajdodlariga munosib voris bo‘lish mas’uliyatini his etmayotganidadir.

Sardor RUSTAMOV,

SamDChTI talabasi.