Qidiruvdagi 302 nafar qarzdor topildi

Viloyat Matbuot uyida Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi tomonidan joriy yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Mavzu yuzasidan boshqarma boshlig‘i S.Jabborov ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, 6 oyda boshqarma tomonidan 5,7 trillion so‘mlik 666.873 ta ijro hujjati yuzasidan amalga oshirilgan majburiy ijro tadbirlari o‘tkakzilgan. Natijada 3 trillion so‘mlik 306.090 ta ijro hujjati bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilinib, 1,5 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ undirilgan. Surishtiruv harakatlarida ayblanuvchilardan jami 158,5 million so‘mga yaqin zarar undirilgan.

Bundan tashqari, tezkor qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi idoralar bilan hamkorlikda 302 nafar qidiruvdagi qarzdorlar topilgan.

- Viloyatning majburiy ijro sohasidagi eng og‘riqli nuqtasi aliment undiruvi hisoblanadi, - dedi S.Jabborov. - Viloyatdagi 40 mingdan ziyod ijro hujjati ushbu toifadagi hujjatlar hisoblanadi. O‘z navbatida majburiy ijro byurosi xodimlari sa’y-harakati bilan 6 oyda 63,4 milliard so‘mdan ortiq aliment pullari undirildi. Mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda ishsiz, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan aliment to‘lovchi qarzdorlarning 1316 nafari ishga joylashtirilgan va ish haqining ma’lum miqdori undiruvga qaratilgan.

Shuningdek, 102 nafar undiruvchiga “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi hisobidan 905 million so‘m zarar puli to‘lab berilgan.

Tadbirda tizimdagi muammolar, ijrosi ta’minlanmayotgan ayrim holatlarga ham to‘xtab o‘tildi. Jumladan, ayni kunda viloyatda 200 nafardan ortiq xodimlar faoliyat olib borishmoqda, har bir xodimga o‘rtacha 230 mingdan ortiq hujjatlar to‘g‘ri kelmoqda.

Xodimlar ish yuklamasi ko‘pligi ijro ishini ta’minlanmasligiga sabab bo‘lmaydi, bu borada asosiy e’tibor, raqamlashtirish jarayoniga qaratilmoqda.