36 marta qoidabuzarlik sodir etgan haydovchi salkam 36 million so‘m jarimaga tortildi

Toshkent shahridan ro‘yxatdan o‘tgan “Lacetti” avtomobili haydovchisi joriy yilning o‘tgan 10 oyi mobaynida viloyat hududida tezlik bilan bog‘liq 36 marta qoidabuzarlik sodir etgan.

Haydovchi (5.22 yo‘l belgisi) aholi yashash punktida cheklangan tezlik 70 km/s. bo‘lishiga qaramasdan, ushbu hududdan yuqori tezligi 140 km/s., past tezligi 80 km/s. bilan harakatlangan.

Tezlikni 36 marta me’yoridan oshirish 35 457 000 so‘m jarima to‘lashga sabab bo‘lgan.  Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakat xavfsizligi bosh boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Shu kabi Qashqadaryo va Samarqand viloyatidan ro‘yxatdan o‘tgan “Nexia” avtomobillari ham aholi yashash joyidan 100 km/s.dan kam bo‘lmagan tezlikda harakatlanib, 12 martadan qoida buzgan.

Holatlar yuzasidan elektron bayonnomalar haydovchilar manzillariga yuborilgan.