MIB: Samarqandda besh kunda 443 ta avtomashina jarima maydonchasiga qo‘yilgan
18-24 noyabr kunlari Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi va viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan qo‘shma reydlar o‘tkazildi. Reydlar davomida ma’muriy jarimalarni muddatida to‘lamagan transport vositasi haydovchilari zamonaviy texnologiyalar yordamida aniqlanib, 1955 nafar qoidabuzar haydovchidan 3 milliard so‘mdan ortiq qarzdorlik undirilgan.
Shuningdek, jarimani to‘lashdan bosh tortganlarga tegishli bo‘lgan 443 ta avtotransport vositalari jarima maydonlariga joylashtirilgan.
Amaldagi tartiblarga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun solingan jarimani haydovchi jarima solish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan kundan e’tiboran 60 kundan kechiktirmay to‘lashi lozim. Ana shu muddatda to‘lanmagan jarimalar MIB ish yurituviga o‘tkaziladi va majburiy tarzda undirish choralari ko‘riladi.
Ma’lumot uchun, MIB organlari tomonidan ijro ishi doirasida avtotransport vositalariga taqiq qo‘yish, ularni xatlash, jarima maydonchasiga joylashtirish, realizatsiya qilish, qarzdorga tegishli plastik kartalardan pul mablag‘ini yechib olish, undiruvni ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarga qaratish kabi majburiy ijro harakatlari amalga oshirilishi mumkin.
MIBning qidiruv shu’basi inspektori Nodir Bahronovga ko‘ra, yilning o‘tgan davri mobaynida Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi tomonidan viloyat IIB YHXB organlari qarorlari asosida yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilardan o‘z vaqtida to‘lanmagan 2,4 mlrd. so‘mlik (5611 ta) jarimalar undirilgan.