46 yoshli erkak otasi va o‘zining ustiga benzin sepib, yoqib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi

15 may kuni soat 14:30 larda 1974 yilda tug‘ilgan erkak (oldin sudlangan) uyga kelib otasi bilan (1940 yilda tug‘ilgan 1-guruh nogironi) avvaldan bo‘lgan o‘zaro kelishmovchilik tufayli janjallashgan.

Janjal oqibatida u sumkada yelim idishda olib kelgan benzinni otasi va o‘zining ustiga sepgan. Bu ham yetmagandek, temir zanjir bilan o‘zining chap oyog‘i pastki bo‘g‘inini isitish quvuriga bog‘lab qo‘ygan.

Xonaga erkakni to‘xtatish uchun kirgan keliniga qarshilik ko‘rsatib, voyaga yetmagan ikki nafar jiyanining ko‘z o‘ngida gugurt chaqib yuborgan. Fojia oqibatida ota-bola kuyish tan jarohatlari bilan hodisa joyida halok bo‘lgan.

Shuningdek, voqea joyida bo‘lgan kelin va uning voyaga yetmagan farzandlari hamda yordamga kelgan yana bir oila a’zosi turli darajadagi kuyish jarohati bilan shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

"Postda.uz" nashri xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan shu kuni shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-modda (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.