85 yillik umr, bir umrlik jurnalistika
Jurnalistning nafaqadagisi bo‘lmaydi, deyishadi. Yaqinda bu gapga to‘la ishondim. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Muayyana Xo‘jayevaning 85 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan samimiy davra shu kabi juda ko‘plab haqiqatlarimizni amalda isbotladi.
Atrofdagilarning bir insonga nisbatan bir xil samimiy munosabati kamyob hodisa: ammo Muayyana Xo‘jayeva haqida gapirganlar faqat tilda emas, dildan so‘zlashdi. Uning jamiyatga, atrofdagilarga nisbatan doim aytar so‘zi borligi, u nafaqat yozgan maqolalari, tayyorlagan lavhalari, balki o‘z hayot tarzi bilan hanuzgacha atrofdagilarning mehriga sazovor bo‘lib kelayotgani takror-takror ta’kidlandi.
Pushkin nomidagi viloyat kutubxonasida o‘tkazilgan anjumanni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev olib bordi. Viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov viloyat hokimining tabrigini o‘qib eshittirar ekan, jurnalistning mashaqqatli yo‘lini munosib bosib o‘tgan Muayyana Xo‘jayeva shaxsi bugun ziyoli qatlam orasida munosib o‘ringa ega ekanligini e’tirof etdi.
- Jurnalistning bosib o‘tgan yo‘li ibrat, ayniqsa u boy tajribaga, yuksak salohiyatga ega bo‘lsa, - dedi tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripov. – 85 yoshini qarshilayotgan Muayyana Xo‘jayeva hech mubolag‘asiz haqiqiy ma’noda bugungi yosh muxbirlarga ibrat maktabini yaratgan jurnalistlardan. Opaning to‘rt tilda bemalol so‘zlasha olishi, xorijda ham faoliyat yuritgani-yu, o‘z davrining eng dolzarb muammolarini ko‘tarib chiqqani har bir jurnalistni qiziqtirib qo‘yishi shubhasiz.
Aytish lozimki, Muayyana Xo‘jayeva ish foliyatini 1963 yilda viloyat radiosidan boshlagan. Keyinchalik “Ovozi tojik” gazetasi hamda O‘zbekiston teleradiokompaniyasida ish olib borgan. 1970-1972 yillarda Kuba universitetida ham faoliyat yuritgan.
- Muayyana Xo‘jayevaning jurnalist sifatida olib borgan ko‘plab tadqiqotlari uni olima deyishga ham izn beradi, - deydi Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori Yusuf Abdullayev. – U ziyoli tushunchasini tom ma’noda o‘zida jamlagan, umrini kasbiga sadoqat bilan mehnat qilish, madaniy-ma’rifiy merosimizni keng targ‘ib etish, xotin-qizlar haq-huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq maqolalar tayyorlashda jonbozlik ko‘rsatdi. Uning faoliyatini, hayot tarzini kuzatar ekanmiz, jadid bobolarimiz izidan borgan ziyoli sifatida ko‘rgimiz keladi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Muqaddas Abdusamatovaning videotabrigi ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi. Axir safdoshlarning tabrigi jonli ijrodagi ashula bilan ulanib ketsa, hammaning yuzida tabassum yuguradi-da.
Anjumanda so‘z olgan hamkasblar: Shoqahhor Salimov, Shohrux Behbudiy, Xolida Abduxoliqova, Tojiboy Ikromov, Shuhrat Samadovlar jurnalistning bugun ham o‘z fikrlarini ijtimoiy tarmoqlarda ifodalab, jamiyatda faol ekanini alohida ta’kidlashdi.
Gulruh MO‘MINOVA.