9-sinf o‘quvchisi odamlarni is gazidan saqlab qoladigan ixtiro yaratdi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 3 yildan beri «Barkamol avlod» bolalar maktabining robototexnika to‘garagiga qatnaydigan Ozodbek Hoshimov odamlarni gaz, olov va tutun yuzaga kelganda xavf haqida tegishli xizmatlarga ogohlantirish SMS xabarnomasini yuboruvchi qurilma ixtiro qildi.

Bunday g‘oya qanday yuzaga keldi degan savolga Ozodbek quyidagicha javob berdi:

"Qish mavsumi edi. Odamlar is gazidan vafot etdi degan mash’um xabarlarni OAV orqali o‘qib, eshitganimda, buning oldini olish kerak degan o‘y keldi va buning ortidan mana shu ixtironi yaratish g‘oyasi tug‘ildi. Agar ushbu ixtiro tegishli xizmatlar bilan integratsiya qilinsa, albatta bunday baxtsiz hodisalarning oldi olinishiga ishonaman"

Qurilma yong‘in xavfi yuzaga kelganda, uy egalarini ogohlantirish bilan birga o‘t o‘chiruvchilarga xavf yuzaga kelgan joydan geolokatsiya yuborib, SMS xabarnoma tashlaydi. Ayni damda Ozodbekning ixtirosini patentlash jarayoni kechmoqda.