Paxtachilik ixtirochi-usta vertolyot yasamoqchi
Ko‘pincha ixtirochilar qishloqdan chiqadi, deyishadi. Nega deganda, qiyin sharoitda qulaylik yaratish uchun yangilik qidirishadi.
Paxtachi tumanidagi Qarnabota mahallasida yashovchi Bahriddin Xudoyberdiyev ham har doim odamlarning og‘irini yengil qiladigan uskunalar yaratib kelgan.
Qahramonimiz 68 yoshda. Mahalla ahlining elektr jihozlari va yengil avtomobillarini ta’mirlash bilan birga, kichik ixtirolari ham bor.
- Ustachilik qonimda bor, ota-bobolarim ham usta bo‘lgan, - deydi Bahriddin aka. – Ilk ixtirolarim maktabda o‘qib yurgan paytlarimda boshlangan. Onam rahmatli qo‘lda ip yigirardilar. Ishlari oson bo‘lsin deb dastlab “urchiq” – qo‘lda ip yigiradigan uskuna yasab bergandim. Keyinchalik bu uskunaga elektromotor ham o‘rnatganman. Ba’zan shu kabi kichik ixtirolardan murakkabrog‘iga ham qo‘l urib ko‘raman.
Sakkiz yil haydovchilik qildim, kasb-hunar kollejida traktor avtomobilsozligidan dars berdim. 23 yil “Ketmonchi” konida elektrik bo‘lib ishladim. Bo‘sh vaqtlarimda shamol generatori, xolodilnik, elektr uskunalari, duxovka, stanok va boshqa shu kabi qurilmalarni yasaganman.
Bundan 10-15 yil oldin qishloqda elektr toki juda ko‘p o‘chardi. Shuning uchun o‘zim elektr ishlab chiqaradigan shamol generatori yaratdim. Uskunani yasashda yengil avtomashina generatoridan foydalandim va 12 volt tok berdi. Uni kuchlantirish uchun akkumulyator qo‘yib, diametri uch metrli parrakni qo‘lda yasadim. Uskuna 12 volt tokni 220 voltga aylantirib berardi. O‘sha vaqtlarda kunlab elektr bo‘lmasa ham biz kecha-kunduz yorug‘ uyda, televizor ko‘rib o‘tirardik. Hozir elektr ancha yaxshilanib, bunga ehtiyoj qolmadi.
Bahriddin aka yaqinda hech qanday elektr toki va gazsiz, uy sharoitida ishlaydigan pech yasagan. Bu pech qishda ham, yozda ham quyosh nuri bilan ishlaydi va unda ovqat ham pishirish mumkin.
- Bir kuni xorij telekanalida oilaviy sayohatga chiqqan bir oilaning quyosh nurida ovqat pishirganini ko‘rib qoldim, - deya so‘zida davom etdi Bahriddin aka. – Menda ham quyosh nurida ovqat pishirish uskunasini yaratish istagi paydo bo‘ldi. Uskunani yasash uchun oddiy muzlatkich tunukasining ichiga “steklovata” va alyuminiy falga joylashtirdim. Tashqi qismini tunuka bilan yopib, tom qismiga shisha oynalar o‘rnatdim va uni quyosh nuri tegadigan joyga qo‘ydim. Oynalar tashqaridagi issiqlikni lupalar kabi ichkariga olib kirdi va 100-200 darajagacha issiqlik yetkazib berdi. Duxovkaga tuxum, non, go‘sht va boshqa taomlar pishdi. Ushbu qurilmani quyosh nuri va uning harakatlanishini hisobga olib, kattaroq qilib ham yasash mumkin.
Bahriddin aka bilan suhbatlashar ekanmiz, u kishi doim yangilik qilishni, nimadir yaratgisi kelishini va yaqinda vertolyot yasab, unda uchib ko‘rish niyati borligini aytdi.
- Bir kishilik vertolyot yasashni rejalashtiryapman, - deydi Bahriddin aka. – Vertolyot yasash qo‘limdan kelishiga ishonaman. Faqat bir metr diametrli zavodda tayyorlangan parrak topishim kerak. Xullas, uch metr balandlikka bo‘lsa ham uchish niyatim bor.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.