Qarnabota yo‘lini ta’mirlash muddati nega uzoq qo‘yilgan, uning sifatiga javob beradiganlar bormi?
Shu yil 29 yanvarda telegram kanalimizda “Paxtachidagi yo‘l “shudgor” qilinganmi?” mavzusida tanqidiy maqola va videolavha berilgan edi.
Unda ko‘tarilgan muammoni o‘rganish va hal etish yuzasidan viloyat hokimligida ishchi guruhi tuzildi. Tahririyatga ishchi guruh a’zolaridan - qurilish sohasida viloyat hududiy nazorat inspeksiyasi bo‘lim boshliqlari U.Mirzayev, K.Xolmo‘minov hamda “O‘zyo‘linspeksiya” Samarqand viloyat hududiy bo‘linmasi davlat inspektori J.Yangiboyev imzosi bilan javob xati taqdim etildi. Unda quyidagilar bildirilgan:
“Paxtachi tumanidagi 4R185-“M37 avtoyo‘lidan - Qarnabota qishlog‘i” avtomobil yo‘lining 0-30 kilometr (1-bosqich 0-5 km.) qismini mukammal ta’mirlash ishlari "Umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish" direksiyasi buyurtmasi bilan "Ravon yo‘l qurilish" MChJ tomonidan 2021-2023 yillarda amalga oshirilishi belgilangan. Dastur bo‘yicha yo‘lning 5 kilometri mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda shundan yo‘lning asos qismiga qum-shag‘al aralashmasi to‘shash ishlari, yo‘lning 3,5 kilometr qismiga 1-qatlam asfalt qoplash ishlari amalga oshirilgan.
Bajarilgan ishlar ishchi guruhi tomonidan o‘rganilganida ko‘pgina kamchiliklar aniqlandi. Jumladan, yo‘lning asos qismida bajarilgan qum-shag‘al aralashmasi to‘shamasining zichlash ishlariga tegishli laboratoriya xulosalari taqdim qilinmadi. Bajarilgan 3,5 km. birinchi qatlam asfalt yo‘li sifati qoniqarsiz holatda, ayrim joylari notekis bajarilgan, qisman joylarida asfalt qoplamasida yemirilish holatlari mavjud.
Yo‘lning PK49-PK-50 gacha bo‘lgan oralig‘ida yo‘l asos qismi, PK48-PK-49 gacha bo‘lgan oralig‘i o‘ng qismida yo‘l asos qismi sifatsiz bajarilgan. Ishlab chiqilgan loyihada mavjud savdo do‘konlari va loyihalangan yo‘l oralig‘ida irrigatsiya tizimi ko‘zda tutilmaganligi yog‘ingarchiliklardan hosil bo‘lgan suvning chiqib ketmasligiga sabab bo‘lgan.
Yo‘l qurilish ishlarida qurilish texnologiyasi, qurilish-montaj ishlarining ketma-ketligiga amal qilinmaganligi sababli birinchi asfalt qoplamasi to‘shalib, undan keyin beton ariqlar (lotok) o‘rnatilgan. Ba’zi joylarda o‘rnatilgan suv qochirish beton ariqlarining yer ostida koluvchi qismi belgilangan tartibda gidroizolyasiya qilinmagan. Ob’yektda foydalanilgan qurilish materiallari, qum-shag‘al aralashmasi va asfalt to‘shamasi uchun sifatni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar taqdim qilinmadi.
Amalga oshirilayotgan yo‘l qurilishining balandlik ko‘rsatkichi (otmetka) mavjud yo‘llar va binolarga nisbatan nomutanosib. Shuningdek, ishchi guruhi tomonidan mavjud savdo do‘konlari va qurilayotgan yo‘l o‘rtasidagi balandlik tafovutini inobatga olgan holda tabiiy yog‘ingarchilik suvlarini ketkazish maqsadida qo‘shimcha beton ariqlar o‘rnatish, ushbu ishlarini aholi hamda tadbirkorlik sub’yektlari bilan o‘zaro kelishilgan holda amalga oshirish zarur. Bu borada yo‘l qurilishi korxonasi mutaxassis va ishchilariga tushuntirildi”.
Ishchi guruh xulosalaridan ma’lum bo‘lyaptiki, M37 avtomagistral trassasidan Qarnabota qishlog‘iga boruvchi yo‘lni ta’mirlash ishlari nafaqat muddatidan kechikyapti, balki sifatsiz bajarilyapti. Yana bir jihati kishini hayron qoldiradi: bizga taqdim etilgan hujjatlarda ushbu yo‘lni ta’mirlash 2021-2023 yillarda amalga oshirilishi belgilangan ekan. 30 kilometr yo‘lni ta’mirlash uchun nahotki uch yil zarur bo‘lsa? O‘tgan bir yil davomida loyihaning 5 kilometri bajarilibdi, afsuski uning sifati videolavhada ham, ishchi guruh xulosasida ham yaqqol bilinib turibdi. Nega buncha uzoq muddat belgilangan? Bunga sabab nima? Tender o‘tkazilayotganda bu jihatlarga e’tibor qaratish kerak emasmi? Yo Qarnabota qishlog‘i atrofida yashovchilar uch yil “shudgor”langan yo‘lda yurishga mahkummi? Sifati-chi?
Bu haqda loyiha ijrochisi "Ravon yo‘l qurilish" MChJ, shuningdek, uning ijrosini nazorat qiluvchi vazirlik mas’ullari o‘ylab ko‘rarmikan?