Shayboniylar sulolasi dafn qilingan dahma. U haqida nimalarni bilasiz?

Shayboniylar dahmasi - o‘rta asr me’moriy yodgorligi. XVI asrda bunyod etilgan. Registon majmuasi hududida joylashgan.
Dahmaning har bir tomonining uzunligi 6,15-6,15 metr bo‘lib, ustida 36 qabrtosh mavjud. Dastlab Mehr Sulton xonim ko‘rsatmasi bilan Shayboniyxon madrasasi hovlisining o‘rtasida joylashgan qabrlar alohida oilaviy dahma - baland marmar sufa ko‘rinishiga keltirilgan. Bibixonim jome masjidiga olib boriladigan yo‘l ochilganda dahma 70-80 metrlar janubiy-sharqqa ko‘chirilgan. Uning egallab turgan maydoni ancha qisqargan.
1960-1962 yillarda shaharni qayta ta’mirlashda dahma ikkinchi marta - Registon majmuasi hududiga ko‘chirilgan. Unga avval 1504 yilda shahid bo‘lgan Mahmud Sulton dafn etilgan. 1509 yilda Buxorodan Muhammad Shayboniyning onasi - Oq Qo‘zi begimning jasadi ko‘chirib keltirilgan. 1510 yilda Muhammad Shayboniyning o‘zi, 1511 yilda Mahdiy, Hamza hamda Abulxayr sultonlar, 1514 yilda Muhammad Temur sulton, 1526 yilda Yodgor sulton, 1530 yilda Shoh Sulton xonim, 1535 yilda Shahribonu xonim, 1545 yilda Qutlug‘ Muhammad sulton, 1586 yilda Suyunch Muhammad sulton va boshqa Shayboniy sultonlar va malikalar dafn etilgan.
Shayboniylar dahmasi O‘zbekiston moddiy va madaniy merosining ko‘chmas mulk ob’yektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan - davlat himoyasiga olingan. Shayboniylar davlatining ma’lum muddat poytaxti bo‘lgan Samarqandda ushbu sulola hukmronligi davrida madaniy hayot ham rivojlangan.
Shayboniylar me’morchilik ishlariga ham ahamiyat berib, bu davrda bir qator yodgorliklar bunyod etgan. Bu borada nafaqat sulola namoyandalari, balki o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan katta moddiy imkoniyatga ega kishilari ham chetda qolmagan. Chunonchi, Samarqanddagi Muhammad Shayboniy qurdirgan Xoniya, Abu Said Kalbobo, Ko‘kaldosh, Mehr Sultonxonim nomi bilan bog‘liq madrasalar bunyod etilgan. Bu davrda Samarqadda Alayka Ko‘kaldoshning Juma masjidida marmar minbar (1528 y), Juvonmard Alixon tomonidan hammom (1574 y.), Qozi Soqiy madrasalari qurilgan. Shayboniylar davrida fan va madaniyatning rivojlanishida mazkur sulola namoyandalarining o‘rni katta bo‘lgan. Avvalo, ularning o‘zlari nihoyatda o‘qimishli shaxs bo‘lishgan.
Muhammad Shayboniyxon, Ko‘chkunchixon, Ubaydullaxon, Abdullaxon II, Abdulazizxon kabi Shayboniylar turkiy va forsiyda she’r bitgan. Diniy va dunyoviy ilmlarda yetarli salohiyatga ega bo‘lgan. Shayboniyxon harbiy yurishlar va davlat ishlari orasida qisqa tanaffuslarda turli fanlar va islomiy o‘rganish, tarixiy va she’riy asarlar bitish bilan shug‘ullangan. O‘z saroyiga ko‘plab tarixchi, shoir, olimlarni jalb etgan. Uning saroyida Kamoliddin Binoyi, Muhammad Solih, Mulla Shodi, Fazlulloh ibn Ro‘zbekxon kabi xalq sevgan shoirlar panoh topib, o‘z asarlarini yaratgan.
Muhammad Shayboniyxonning Hirotni qo‘lga kiritgandan so‘ng Kamoliddin Behzod tomonidan chizilgan portreti bizning kunlarimizgacha saqlanib qolgan.
Asliddin Safarov,
Registon ansambli gidlar bo‘lim boshlig‘i.