Sen birni bersang, Alloh senga o‘nni beradi

Yozning kuni bo‘lgani uchun tong erta otardi. G‘ira-shira qorong‘ulik tarqab, kun yorisha boshladi. Ular birinchi AYoQShga yetib kelisholmadi. Sal narida mashinaning motori o‘chdi.
U yog‘iga yana ancha yo‘l bosish kerak edi. Erkak yana so‘kindi. “Endi nima qilsam ekan? Borib birortasiga iltimos qilib ko‘rsinmi? Xuddi tilanchidek tilanadimi? Puling bo‘lmasa nima qilasan yo‘lga chiqib demaydimi? Eh, aqli qisqa xotin. Tovuqmiya, deganicha borda bularni...”, deb o‘yladi. Ammo qo‘l qovushtirib o‘tirishning ham iloji yo‘q. “Xudo, O‘zingga tavakkal”, deb mashinadan tushdi.
- Dadasi, men ham... - deb gap boshlagan ayolning gapi og‘zida qoldi.
- Sen mashinada o‘tir. Shuncha narsani birov ilib ketmasin. O‘zim borib gaplashib kelaman, - deb jerkib berdi.
Chorasizlik insonni nimalarga majbur qilmaydi. Zo‘r-bazo‘r qadam tashlab yoqilg‘i quyish shoxobchasiga tomon yura boshladi. Oyoqlariga xuddi og‘ir tosh bog‘lab olgandek qadam tashlardi. Tavba, birovdan narsa so‘rash bunchalar qiyin bo‘lmasa... Ishqilib, insofli odamlar bo‘lsin-da.
Tushunadigan kishilar bo‘lsa nur ustiga nur bo‘lardi... O‘z xayollari bilan AYoQSh yoniga yetib kelgan erkak atrofga olazarak boqdi. Mashinalar qatnovi kam. Yoqilg‘i quyadigan moslamalar yonida hech kim yo‘q. “Kassa” deb yozib qo‘yilgan tomonga yurdi. Kichikroq oynavand teshikdan ichkariga mo‘raladi.
- Assalomu alaykum, keling aka, - dedi ichkaridan bir yigit jilmayib.
- Va alaykum assalom, haligi... - o‘ng‘aysizlanib gapirishga chog‘landi. Boshlig‘inglar yo‘qmi? Ishim bor edi.
- Men o‘zim boshliqman, tinchlikmi, - so‘radi yigit ajablanib.
- Bir daqiqaga bu yoqqqa chiqa olasizmi, - o‘sha ohangda aytildi gap. Yigit chiqqunga qadar erkakni ter bosdi. O‘zini xuddi narsa tilanayotgan gadoy holida ko‘rdi. Yarim asr yashab, hech bunday noqulay ahvolga tushmagandi.
- Nima gapingiz bor, aka, - deb so‘radi yigit.
- Uzr, uka, sizni bezovta qildim. Sizdan bir o‘tinchim bor edi. Yonimizda ikki ming so‘m pul qolibdi, xolos. Afsuski, benzin tugab, mashinam huv anavi yerda o‘chib qoldi. Yo‘q demasangiz, qarzga yoqilg‘i quyib berolasizmi, deb so‘ramoqchiydim...
- Aka, pulini bermasangiz ham mayli. Ana, sizga o‘n litr benzin quyib beraman, - dedi yigit samimiy jilmayib.
- Menga kerakmas, pulini albatta, bugun kechgacha yetkazaman, - shoshib gapirdi erkak. AYoQSh boshlig‘ining unga achinib qarashidan ko‘ngli og‘ridi.
- Aka, bilasizmi, kecha ukam bolasini Toshkentga olib ketayotgan ekan. Bolasi og‘ir ahvolda edi. Yo‘lda mashinasining benzini tugab qolibdi. Vaziyatni tushuntirish uchun qo‘l ko‘tarib to‘xtatgan mashina haydovchilarining birortasi benzin bermabdi. Shu payt narigi yo‘lda kelayotgan bir yaxshi odam to‘xtab, unga benzin quyib beribdi. Shu sabab bilan jiyanimning joni omon qolibdi. Ukam: Agar o‘sha kishi yordam bermaganida, bolamdan ayrilib qolardim, dedi. Shu bois bugun kim birinchi kelsa o‘n litr benzinni tekinga beraman, deb niyat qilgandim. Baxtimga siz yo‘liqdingiz, - degancha yigit qo‘lini hamsuhbatining yelkasiga qo‘ydi.
- Men mingdan ming roziman, olavering.
- Ukangizning mashinasi ko‘k rangli "Neksiya"midi, - so‘radi erkak.
- Ha.
- E birodar, Yaratganning marhamatini qarang. Sen birni bersang, senga o‘nni beraman, degani rost ekan. Ukangizga men benzin quyib bergandim, - degancha u quvonchdan yoshlangan ko‘zlarini artib qo‘ydi.
Saida Qoraboyeva.