MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashining majlisi Samarqandda o‘tmoqda

Xabar berganimizdek, 16-17 oktyabr kunlari Samarqand shahrida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo davlatlar xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari Kengashining 57-majlisi hamda MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik organlari va razvedka xizmatlari rahbarlarining 21-majlisi o‘tkazilmoqda.
Ushbu majlislarda ishtirok etish uchun O‘zbekiston, Armaniston, Belarus, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iz, Tojikiston, Turkmaniston Respublikalari va Rossiya Federatsiyasi maxsus xizmatlari rahbarlari, shuningdek, MDH Ijroiya qo‘mitasi va MDHga a’zo davlatlar Aksilterror markazi vakillari Samarqandga keldi.
Bugun tadbir qatnashchilari dastlab Samarqand shahridagi xotira maydonida bo‘lib, "Motamsaro ona" haykali poyiga gullar qo‘ydilar. Yurt tinchligi va xavfsizligini ta’minlash yo‘lida jon fido qilganlar xotirasi yodga olindi.
Shundan so‘ng Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo davlatlar xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari Kengashining 57-majlisi o‘tkazildi.
Majlis avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yig‘ilish qatnashchilariga murojaatini O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati boshlig‘i B.Qurbonov o‘qib eshittirdi.
Murojaatda ta’kidlanganidek, mazkur Kengashning har yilgi majlislari terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, uyushgan jinoyatchilik va boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashishda hamkorlik qilish va tajriba almashish uchun mustahkam asos yaratdi.
Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikka tahdid solayotgan bir qator omillarga alohida e’tibor qaratgan. Afg‘onistondagi beqaror vaziyat, xalqaro terrorchi guruhlar faoliyati, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi va transchegaraviy uyushgan jinoyatchilik shular jumlasidan ekanligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bilan birga, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va sun’iy intellektdan g‘arazli maqsadlarda foydalanishning oldini olish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash muhimligi qayd etildi.
Prezidentimiz global xavfsizlik masalasiga alohida to‘xtalar ekan, mintaqa atrofi va Yaqin Sharqda yuz berayotgan nizolar barchani chuqur tashvishga solayotgani, ular iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlagan.
Ushbu omillar jahon bozorida nosog‘lom raqobatning kuchayishi, energiya manbalari narxining oshishiga olib kelmoqda. Shuningdek, energetika va transport sohalarida milliy va xalqaro loyihalarni amalga oshirishga to‘sqinlik qilmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti o‘z murojaatida shunday murakkab sharoitda MDHga a’zo davlatlar maxsus xizmatlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiy, energetika va kommunikatsiya tizimlarini barqaror rivojlantirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda ularning sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimligini alohida ta’kidlagan.
Majlisda Hamdo‘stlik makonida xavfsizlikni ta’minlash, shu jumladan, xalqaro terrorizm va ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, axborot xavfsizligiga tahdidlar, shuningdek, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy xalqaro aylanmasiga qarshi kurashish borasida hamkorlikni mustahkamlash, zamonaviy tahdidlar va o‘zaro harakatlarni muvofiqlashtirishga oid keng qamrovli masalalar muhokama qilindi.