Isiriq sotilmaydigan qishloq
Paxtachi tumani markazidan 35 kilometr uzoqlikda joylashgan Qarnabota qishlog‘iga borish uchun albatta Ziyovuddin shaharchasidagi bekatlardan biriga borish kerak. Bu yerdan Qarnabotaga yagona avtobus qatnaydi. Bir kunda ikki reys bo‘ladi. Agar avtobusdan qolib ketsangiz Qarnabotadan Ziyovuddinga yoki Ziyovuddindan Qarnabotaga borolmaysiz. U yerni yaxshi biladigan haydovchilar istagan narxini qo‘yishi mumkin. Soat 13:00 da yuradigan avtobusga chiqdim. Kelsam avtobusda odam kam ekan, hali ketishga biroz vaqt borligi uchun haydovchi bilan biroz suhbatlashdim.
- Amaki, odam kam ekan, borib kelishni qoplaydimi?
- Ha, nasibaga yarasha bo‘ladi. O‘zi yarim soatda borsa bo‘ladi, lekin yo‘li yomon bo‘lgani uchun bir soatu 15 minut yuramiz.
Qarnabotaga qarab yo‘l olar ekanmiz, yo‘lning ikki chetida dala- dashtda, sarg‘aygan o‘tlar, har-har joyda isiriq, shuvoq, yantoq, karrak kabi o‘simliklarga ko‘zingiz tushadi. «Bahor oylari Qarnabotaga kelsangiz dashtlari, tabiati juda chiroyli bo‘ladi. Qip-qizil lolaqizg‘aldoqqa burkangan dashtdan ko‘z quvnaydi», deydi haydovchi.
Yozning saratonida isiriq pishgan, yantoqlari xuddi shaftoli gulidek gullagan. Shuvoqlar o‘zidan ajoyib hid taratadi. Karraklar o‘zgacha manzara kashf etadi. Ravon yo‘l tugab, o‘nqir cho‘nqir yo‘llar boshlandi. Darvoqe, haydovchining aytishicha, qishloqdagilar hech qachon bu yerda barq urib yotgan isiriqni sotmaydilar.
Har-har joylarda bor asfalt ham yo‘q bo‘lib ketgan. Haydovchining aytishicha, yaqinda bu yo‘llar obod bo‘larmish, ta’mir uchun yopib qo‘yiladi, degan gap bor ekan.
«Xotira maydoni» xotiraga aylangan…
Qarnabotaga kirib keldik. Qishloq Chashma mahallasi bilan boshlanadi. Balandlikda joylashgan, oldin bu yerda Chashma bulog‘i bo‘lgan. Qishloq aholisi iste’mol qilgan, ham ekinlarni sug‘organ. Chashmadan pastga tushganda yana bir buloq bor, nomi aholi orasida ochilqiron yoki puldiroq deb ataladi.
Soat 14:15 qishloqqa yetib keldik. Havo juda issiq, ko‘chada hech kim yo‘q, bu vaqtda qishloq aholisi ko‘chaga chiqmaydi. Aholi bilan suhbatlasharkanman, yoz kunlari kunduzgi soat 11:00 dan 16:00 gacha ko‘chaga chiqmaydi, zarur ishlarni 11 gacha, ulgurmagan ishlarini 16 dan keyin chiqib bajaradi, shularni aytishdi. Toshli, tuproqli ko‘chalar oralab qishloqni aylandim. Kichkinagina bozorchasi bor ekan, hozir ta’mirlash ishlari ketyapti, chamamda. Katta bozori chorshanba va shanba kuni bo‘ladi. Shanba kuni boshqa tumanlardan sotuvchilar keladi, narx-navo ham hamyonbop bo‘ladi. Bozor sahar 5:30 da boshlanib, 11 da tugaydi. Bozor atrofida zamonaviy do‘konlar qurilgan. Do‘konlardan biri xalq orasida «saksoninchi magazin» deyilarkan, ya’ni boshqa do‘konlarga qaraganda ancha arzon emish.
Mahallaning o‘z Xotira maydoni bor ekan. Afsuski, maydonni ko‘rib, hafsalam pir bo‘ldi: ikki tomoni o‘t bosib yotibdi. Menimcha, cho‘ponlar otarni olib o‘tganda, chorva o‘t-o‘lanlardan bahramand bo‘lsin, deb obodonlashtirish ishlari olib borilmagan, shekilli. Xotira maydonining orqa tomonida bolalar maydonchasi ham bor ekan. Barcha mahallalarga ham nasib etmaydigan bu maydonchaning ahvoli ham haminqadar, o‘t bosib ketgan.
Qarindoshlarim uyi tomon yo‘l oldim. Qishloqqa mehmon kelsa darrov sezishadi. Ayiniqsa, shevangiz boshqa tumandan ekanligingizni bildirib turadi. Qanday deysizmi? Bu qishloqning o‘ziga xos shevasi bor. Ayrim so‘zlardan misol keltirib o‘taman: «Lag‘li –fotiha to‘yi; birinch – guruch; takiya – yostiq, pochcha – amaki; muvrud – ma’raka; nama qilotding – nima qilyapsan; qarga borotding – qayerga boryapsan; kelotdingmi – kelyapsanmi; inak – sigir; go‘sala – buzoqcha; borovuz - boramiz; qittigina – ozgina».
Yonimdagilar kimnikiga borayotganimni so‘rashdi. Qarindoshimning ism-familiyasini emas, birdan naqalini aytib qo‘ya qoldim. Nega deysizmi? Chunki ism-familiyasini aytsam tanimaydi. Agar Qarnabotaga mehmonga kelsangiz, borayotgan xonadoningiz egasining ismini emas, laqabi yoki naqalini aytsangiz uyini ko‘rsatib yuborishadi (Darvoqe, naqal ham ularning shevasida, aslida laqab degani.) Naqal, laqab insonga uni xarakteri yoki biron ishi o‘xshamay qolsa, kelib chiqishdan qo‘yiladi. Masalan, falonchi do‘nglar, suqaytdi, etikli. Ba’zida juda qo‘polroq laqablar ham bo‘larkan. Chetdan kelgan odam bu laqablarni eshitib, hayron qolishi tabiiy, ammo qishloq ahli o‘rganib ketgan.
Bitta qo‘y uchun bir oyga sakkiz ming so‘m
Ko‘chalarda mevali daraxtlar, suv oqib turgan ariqlar yo‘q. Ayrim ko‘chalarda ariq bor, daraxtlar kam, mevali daraxtlar asosan hovliga ekiladi.
Uyni o‘tin bilan isitishga hojat yo‘q. Chunki qishloqda qishin yozin gaz bor. Qishda uyni gaz bilan isitishadi. Bir yil oldin qishloq ichimlik suvi bilan ham ta’minlandi.
Qishloq aholisi erta tong, soat 4:00 da uyg‘onadi. Darvozani ochib, ko‘cha hovli supuriladi. Sigirni sog‘ib uni “poda”ga haydab kelishadi. Poda qishloq aholisi mollarini ertalab 6:00 dan, kech soat 18:00 gacha boqadi. Qishloqning to‘rt chekkasida, to‘rt nafar cho‘pon bor. Har bir sigirni bir oyda 25 ming so‘m evaziga boqishadi. Qishloq asosan chorvachilikka moslashgan. Aholining qo‘yini boqish uchun 15 nafar cho‘pon bor. Qo‘yning har birini bir oyga 8 ming so‘mdan boqishadi. Agar bahor oyi mehmon bo‘lib kelsangiz, aholisi qo‘zi go‘shti, shirvoz go‘shti bilan mehmon qilishadi.
- Hududimizning o‘ziga xos taomlari bor. Masalan, qo‘zi go‘shti avval qaynatilib, so‘ng non bilan qovurib pishiriladi, ta’mi boshqacha bo‘ladi, - deydi biz bilan suhbatda shu qishloqning cho‘ponlaridan biri bo‘lgan Sunnat Qodirov. - Bahor oyida, bitta qo‘chqor so‘yilib qorni sho‘r suv bilan yuviladi, so‘ng qoringa qo‘y suti va uyutqi solinib, eshakning egariga osib qo‘yiladi. Bir kun egarda yuradi va tabiiy qorin chalob tayyor bo‘ladi. May, iyun oylarida qo‘zi go‘shtidan qoqi qilib qo‘yiladi.
Darvoqe, yozda aholining sevimli taomlaridan biri pomidorli qayish. Qishloq ahlining aytishicha, birov to‘y qilsa, qo‘shnilar bir hafta oldin xizmatga o‘tishadi. To‘y o‘tgandan so‘ng «kelin choy» ichgani kelishadi. Qarnabotaliklarning yana bir ajoyib odati bor. Agar uyiga yangi televizor , muzlatkich olsa ham qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ «qulluq bo‘lsin»ga kelishadi. Sinfdoshlar munosabati ham yaxshi. Maktabni tugatgandan so‘ng sobiq sinfdoshlar nafaqat 10 yillik, balki 20, 30, 40 yillik yubileylarni ham nishonlashadi.
«Challashgan do‘st» kim?
- Bizda ota-bobolarimizdan qolgan yana bir udumga odamlar amal qilib yashaydi, - deydi shu qishloqda yashovchi Muhayyo Hamrayeva. – Misol uchun, ikkita qarindosh oilada yoki tanish oilalarda tengdosh farzandlar dunyoga kelsa, ular 4 - 5 yoshga to‘lganda “Challashgan do‘st”, “Challashgan dugona”, ya’ni tutingan bo‘lishadi. Farzandlar bir-birining ota-onasini ham «ota-ona», deb chaqirishadi va xuddi oila a’zosidek qabul qilinadi. Xuddi aka-uka, opa-singildek yaqin bo‘lib, to‘y-ma’raka, marosimlarda bir-biriga yelkadosh bo‘lishadi. Ular bir umrga qiyomatli do‘st, dugona bo‘lib qolishadi. Challashgan do‘st, dugona deyishadi. Xonadon to‘y boshlasa kuyov tomon, kelin-kuyovlarga yaqin qarindoshi yoki tanishini, namunali oila egalarini “ota-ona» sifatida belgilashadi. Kelin-kuyovning oldiga chiqqan ota-ona kelin kuyovga chimildiq qiladi. Ular farzandli bo‘lishganda oldiga chiqqan ota-onasi beshik qiladi. Kelinning ota – onasi beshik qilmaydi.
Qishloq ayollari jundan gilam, paypoq to‘qiydi, kigiz qilinadi. Qishloq hayoti boshqa tumanlardan shevasi, chorvasi, to‘ylari, urf-odatlari bilan ajralib turadi. Qarnabotaga bo‘lgan safarim o‘z yakuniga yetib, yo‘lga chiqdim. Salqin, erta tongda avtobusga o‘tirdim. Ajoyib odatlari, sodda qishloq ahlining bir-biriga munosabati bir qaraganda unchalik mehrli tuyulmasa-da, ammo barchasining ortida samimiyat bor. Odamlarning muomalasida zukkolik, topqirlik, tilning eng nozik iboralaridan foydalanishini kuzatasiz. Bu sizga zavq bag‘ishlaydi, topqirlikka yarasha javob bermasangiz, kulgiga qolishingiz aniq. Aytgancha, siz ham qaytishda laqab orttirib olishingiz ham hech gapmas.
Munisa ShAMSIYeVA.