Xalqaro anjuman doirasida madaniy tadbirlar tashkil etiladi

Shu yil 30 oktyabrdan 13 noyabrga qadar Samarqandda o‘tkaziladigan YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida bir qator madaniy tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Jumladan, Samarqand shahridagi Registon maydoni, Sartepa massividagi Panjob madrasasi hamda Samarqand tumanidagi "Konigil" turizm qishlog‘ida musiqiy dasturlar va milliy raqslar, "Boqiy shahar" majmuasida esa ijodiy jamoalarning folklor chiqishlari namoyish qilinadi.
Samarqand shahridagi O‘zbekiston va Mustaqillik ko‘chalari kesishmasida hamda viloyat musiqali drama teatri maydonida “Madaniyat karvoni” tashkil etiladi.
Viloyat musiqali drama teatrida “Gamlet”, “Ishq bo‘stoni”, “Ko‘chki”, “Qirol Lir” va “Ko‘hna Tbilisi nayranglari” spektakllari namoyish etiladi. Shuningdek, viloyat rus drama teatrida “O‘tkan kunlar”, “Nasriddinning besh xotini”, “Hey, kim bor?!”, “Qaysar qizning quyilishi” spektakllari, viloyat qo‘g‘irchoq teatrida esa “Ali Qushchi”, “Yumuq ko‘zlar” va boshqa spektakllar tomoshabinlar va mehmonlar e’tiboriga havola etilishi rejalashtirilgan.