Abdurauf Fitrat aslida 1938 yil 4 oktyabr kuni otilgan, ammo 5 oktyabr kuni “uchlik” tomonidan hukm chiqarilgan edi
Abdurauf Fitrat 1917-1918 yillarda “Hurriyat” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasiga muharrirlik qilgan jurnalist, yozuvchi sifatida o‘z davrining ham siyosiy arbob, ham ijodkorlik jihatdan faol a’zosi sifatida tarixga kirgan.
Fitrat 1886 yil Buxoro shahrida tug‘ilgan. Buxorodagi Mir Arab madrasasida, keyinchalik Turkiyaga borib, Istanbuldagi “Dor ul-muallimin”da tahsil oladi. So‘ngra o‘ziga Fitrat (“Cho‘g‘don”) taxallusini qo‘yib, badiiy ijodga sho‘ng‘iydi. U “Yosh turklar” harakati ta’sirida Turkiyadagi buxorolik yoshlar yordamida “Buxoro ta’limi maorif jamiyati”ni tuzadi. 1909 yil Istanbulda uning fors tilida “Munozara”, “Sayha” (“Na’ra”) she’riy majmuasi, 1912 yil esa “Sayyohi hindi” (“Bayonoti sayyoqi hindi”) asarlari nashr etiladi.
Abdurauf Fitrat 1913 yil Buxoroga kelib Shahrisabz va Karkida yangi maktablar ochadi. 1915 yildan “Yosh buxoroliklar”ning Abduvohid Burhonov boshchilik o‘nglardan Fitrat rahbarligidagi so‘llar ajralib, ular siyosiy talablar bilan chiqadi. 1917 yil fevral inqilobidan so‘ng “Yosh buxoroliklar” inqilobiy partiyasi Markaziy Qo‘mitasiga Abduvohid Burxonov rais, Abdurauf Fitrat sarkotib bo‘lib ish boshlaydi. Ammo 1917 yil 7 aprelda ular amir ta’qibiga uchraydi.
Shundan so‘ng Fitrat Samarqandga kelib, “Hurriyat” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasiga muharrirlik qildi. Gazeta tahrir hay’atida Hoji Mo‘yin, Said Rizo Alizoda ishlaydi. Shuningdek, Behbudiy, Siddiqiy, Halimiy, Muhammadiy, Ho‘qandboy, Mulla Ibrohim va Rojiylar dolzarb mavzularda maqolalar yozib turadi. O‘zi muharrir sifatida siyosiy, ijtimoiy mavzularda turkum maqolalar yozib, chop ettiradi.
1917 y. noyabr oyida Qo‘qon muxtoriyati tuzilganda Fitrat unga vakil qilib saylanadi. “Hurriyat” gazetasida bu voqeani yuraqdan quvvatlab maqola e’lon qiladi: “Ellik yildan beri ezildik, tahqir etildik. Qo‘limiz bog‘landi, tilimiz kesildi. Og‘zimiz qoplandi. Yerimiz bosildi. Molimiz talandi, sharafimiz yemruldi. Nomusimiz g‘asb qilindi, insonligimiz oyoqlar ostiga olindi. To‘zimli turdik. Sabr etdik. Kuchga tayangan har buyruqqa bo‘ysundik. Butun borlig‘imizni qo‘ldan berdik. Yolg‘iz bir fikrni bermaduk, yoshuntirduk, imonlarimizga o‘rab saqladuk. Bu – Turkiston muxtoriyati.
Mahkama eshiklaridan yig‘lab qaytganda, yoruqsiz turmalarda yotganda, yirtqich jandarmaning tepkisi bilan yiqilg‘onda, yurtlarimiz yondurulg‘onda, dindoshlarimiz osulg‘onda ongimiz yo‘qoldi. Miyamiz buzuldi. Ko‘zimiz yog‘dusiz qoldi. Biror narsani ko‘rolmadik. Shul chog‘da tushkun ruhimizni ko‘tarmak uchun, shul qop-qora dunyoning uzoq bir yeridin oydin bir yulduz yalqillab turar edi. Biror narsaga o‘tmagan ko‘zimiz shuni ko‘rar edi. Ul nima edi? Turkiston muxtoriyati!” (“Hurriyat”, 1917 yil 5 dekabr).
Gazeta 500-1000 nusxa orasida bosiladi. Jadidlar tomonidan tashkil etilgan «Zarafshon» shirkati kitobxonasining aksariyat sarmoyasi gazetani chop etishga sarf qilinadi.
Abdurauf Fitrat 1918 yil – “Hurriyat”ning 87-sonigacha muharrirlik qiladi. Bu davrda gazeta sahifalarida o‘zgarayotgan dunyo, Samarqandning dovrug‘i, matbuotning jamiyatdagi dadil so‘zi, ta’siri, oddiy mehnatkashlar hayoti va ularning maishiy muammolari haqida maqolalar bosiladi.
Fitrat 1918 yilda Toshkentga ketadi va 1919 yilda Afg‘onistonning Toshkentdagi vakolatxonasida tarjimonlik qiladi. «Ishtirokiyun» gazetasida “Tilimiz” maqolasini yozib, o‘zbek tilining sofligi uchun kurashadi, yangi ilmiy-ijtimoiy terminlarni turkiy o‘zak asosida yaratish ishiga kirishadi. Shu bilan birga “Chig‘atoy gurungi” nomli ma’rifiy-adabiy uyushmasi ochib, milliy teatr rivojiga e’tibor qaratadi. Mannon Uyg‘ur uning “O‘g‘izxon”, “Chin sevish”, “Hind ixtilolchilari” kabi asarlarini sahnalashtiradi.
Buxoro xalq sotsialistik respublikasi tashkil etilgach, Abdurauf Fitrat 1921 yilda Buxoroga qaytib, maorif noziri, so‘ngra xorijiya-tashqi ishlar noziri bo‘ladi. Keyinchalik Xalq xo‘jaligi kengashi raisi, MIQ va Xalq nozirlari sho‘rosi raisining o‘rinbosari lavozimlarda xizmat qiladi. U Buxoroda “Tong” jurnalini tashkil etib, yosh ziyolilar avlodini millatparvarlik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalaydi. “Tong” jurnalining shiori bo‘lgan: “Miya o‘zgarmaguncha boshqa o‘zgarishlar negiz tutmas!” so‘zlari Fitratning shu yillarda olib borgan faoliyatining maqsad-mohiyatini to‘la ifodalagan. Shu davrda BXSR mablag‘i hisobiga 70 nafardan ortiq turkistonlik istiqbolli yoshlarning Germaniyaga borib o‘qishi, Buxoroda Sharq musiqa maktabining tashkil etilishi, fan va madaniyat tarixiga doir xalq qo‘lida sochilib yotgan noyob qo‘lyozmalarni to‘plashda tashabbuskor bo‘ladi. Fitratning sa’y-harakati bilan Buxoro jumhuriyatida turk (o‘zbek) tili davlat tili deb e’lon qilinadi.
1935 yil 5 may kuni NKVD tomonidan uning uyida tintuv o‘tkazilib, Afg‘on elchiligi taklifi bilan yozilgan “Yillik taqvim” asari va boshqa ilmiy izlanishlarini olib ketiladi. Fitrat hibsga olinguniga qadar Samarqanddagi oliy pedagogika instituti hamda Toshkentdagi Til va adabiyot institutida ilmiy faoliyat olib boradi. Faoliyati davomida u davlat va jamoat arbobi, yozuvchi, tarixchi, adabiyotshunos, tilshunos, san’atshunos va siyosatshunos olim bo‘lgan va birinchi o‘zbek professori sifatida tariximizga kirgan.
1937 yil 24 aprel kuni hibsga olinadi. 1937 yil 5 avgust kuni dastlabki so‘roqdan so‘ng unga O‘zSSR JKning 66-, 67-moddalarini qo‘llab jinoyat ishi ochadi. 1937 yil 10 avgustda Cho‘lpon Fitrat haqida sudda guvohlik berib, uni 1913–1914 yillardan “Oyna” jurnalidagi maqolalari orqali tanishligini, 1914 yil o‘zi yozgan rus-turk urushlari mavzusidagi sahna asarida havaskor aktyor bo‘lib Buxoro qushbegi rolini o‘ynagani va xalq ichida “qushbegi” nomi bilan dovrug‘ qozonganini aytadi. Ayniqsa, jurnalist, muharrir, yozuvchi sifatida o‘tkir qalam sohibi bo‘lganini aytib, 1917 yilda Samarqandda “Hurriyat” gazetasida muharrirligi chog‘ida she’rlarini chop ettirganini e’tirof etadi.
Ayrim manbalarda yozilishicha, Fitrat “ish”i 1938 yil 5 oktyabr kuni soat 12:25-12:40 gacha mash’um “uchlik” tomonidan ko‘rilgan va u oxirgi so‘zida hayotini saqlab qolishlarini so‘ragan emish. Ammo haqiqat bunday emas: u bir kun avval - 4 oktyabr kuni otilgan edi...
Bahrom IRZAYeV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
***
Suratda: Abdurauf Fitrat do‘sti, shoir Elbek bilan. 1930 yillar.