Adliya xodimlari fermerlar dardiga quloq tutdi

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda fermer xo‘jaligining o‘rni iqtisodiy rivojlanish nuqtai nazaridan qaraganda katta ahamiyatga ega. Shu bois fermer xo‘jaliklarida mehnat unumdorligini oshirish, mahsulot sifatini yaxshilash, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish uchun zarur qonuniy choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, Prezidentimizning joriy yilning 26 fevralida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2021 yilda amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori islohotlarni amalga oshirishda muhim qadam sanaladi.

Qarorga ko‘ra,  oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha davlat siyosatini ishlab chiqish va joriy etish yo‘nalishida kooperatsiya shartlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun yoshlarga foydalanishga kiritiladigan yer maydonlari ijaraga berilmoqda. Shuningdek, fermer xo‘jaliklari hamda boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarining ekin maydonlari ikkilamchi ijaraga berilishi belgilandi.

Bundan tashqari, qulay agrobiznes muhiti va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish yo‘nalishida quyidagilarni amalga oshirishga imkoniyat yaratildi:

- bir tumanda uchtagacha paxta-to‘qimachilik klasterlariga fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma asosida faoliyat yuritish;

- fermer xo‘jaliklariga ushbu klasterlar bilan paxta xom ashyosini yetkazib berish bo‘yicha ixtiyoriy ravishda fyuchers shartnomalarini tuzish.

Ta’kidlash lozimki, qishloq xo‘jaligi sohasidagi huquqiy munosabatlarda fermer xo‘jaliklarining huquq va manfaatlariga rioya etilishi ahvolini o‘rganish, huquqni qo‘llash amaliyotini tahlil qilish orqali sohani tubdan isloh qilish yuzasidan takliflar tayyorlash, “Fermerlar qishloq xo‘jaligi rivojining drayveri” sifatida ularning iqtisodiyot va jamiyatdagi mavqeini oshirish maqsadida Adliya vazirining 2021 yil 24 may kunida “Fermerga madad” huquqiy aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida tegishli buyrug‘i ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, respublika-viloyat-tuman miqyosida adliya tizimi xodimlari fermer xo‘jaligi rahbar va a’zolari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, ularning fikr va mulohazalarini tinglab, sohaga oid normativ hujjatlar bo‘yicha huquqiy targ‘ibot tadbirlarini olib bormoqda. Jumladan, Past Darg‘om tumani adliya bo‘limi xodimlari ushbu aksiya doirasida tumandagi “Bobonazar bobo", "Abror gruzin", "Adiba-Zulayho" kabi fermer xo‘jaligi boshlig‘i va ishchilari bilan paxta, g‘alla maydonlarida uchrashuvlar o‘tkazib, ularni qiziqtirgan muammo va savollarga javoblar berdi.

Suhbat jarayonida fermer xo‘jaligi a’zolari tomonidan muqaddam adliya tizimi xodimlari suhbatlar o‘tkazmaganliklari, tizim xodimlarining ular ishlab turgan dalalarga kelib hollaridan xabar olishi, sohaga oida qonunlar, normativ hujjatlar bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini olib borganliklaridan xursandliklarini bayon qildi.

Ayni kunlarda viloyatimizda “Fermerga madad” huquqiy aksiyasi davom etmoqda. Demak, fermerlar faoliyatida uchrayotgan muammolar bo‘yicha hududlaridagi adliya bo‘limiga murojaat qilishlari mumkin. Adliya tizimi xodimlari ularni qiynayotgan masalalar bo‘yicha qonun doirasida huquqiy yordam berishga tayyor.

Shavkat Ro‘zinazarov,

Past Darg‘om tumani adliya bo‘limi yetakchi maslahatchisi.