Afrikadagi qirg‘in-barotda 100 dan ortiq tinch aholi o‘ldirilgan

G‘arbiy Afrika mamlakatidagi Benishangul-Gumuz mintaqasi Metekel hududida mahalliy jangarilar tomonidan uyushtirilgan qirg‘inda Efiopiyaning 100 dan ortiq tinch aholisi o‘ldirildi. Bu haqda Daily Mail xabar bermoqda.

Gazetada ta’kidlanganidek, o‘qotar qurol, pichoq, shuningdek, kamon va nayzalar bilan qurollangan terrorchilar 23 dekabr, chorshanba kuni erta tongda Bekoji qishlog‘iga hujum qildi. Tinch aholini qirish tushgacha davom etdi. Shuningdek, tajovuzkorlar uy va ekinlarni yoqib yuborishdi. Jangarilar tomonidan uyushtirilgan hujum va yong‘inlar oqibatida jami 102 kishi halok bo‘ldi, kamida 36 kishi yaralandi.

Hududga yuborilgan harbiylar tomonidan hujumda qatnashgan 42 jangari yo‘q qilindi. Hujum ortida kim turgani haqida hali aniq ma’lumot yo‘q. Ammo qirg‘inni tashkillashtirishda gumon qilingan beshta amaldor hibsga olingan. Boshqa tafsilotlar keltirilmagan. Jon saqlab qolgan ba’zi qishloq aholisi hujumchilarni shaxsan bilishini aytgan.

Daily Mail xabariga ko‘ra, ushbu mintaqada vaqti-vaqti bilan o‘zaro nizolashib turuvchi bir nechta etnik guruh vakillari yashaydi. Shu bilan birga, Metekel hududida zolimliklarni amalga oshirgan jangarilar qo‘shni Sudanda o‘qitilib, shu hududda yashirinishi haqida ma’lumotlar ham mavjud.

Noyabr oyi boshida Benishangul-Gumuzda qurolli jangarilar avtobusga hujum qilishgan edi. O‘shanda hujum oqibatida kamida 34 kishi halok bo‘ldi. Bungacha shimoliy Tigray mintaqasidagi May-Kadra shahrida ommaviy qirg‘in-barot sodir etilishi tufayli bir necha yuz kishi qurbon bo‘lgan edi. Biroq Benishangul-Gumuz va Tigraydagi voqealar bir-biri bilan bog‘liq emasligi ma’lum qilingan.