"Ali Qushchi" spektakli Rossiyada e’tirof etildi

11-18 sentyabr kunlari Rossiyaning Ryazan shahrida “Ryazanskiye smotrini” XX xalqaro qo‘g‘irchoq teatrlari festivali o‘tkazildi.
Festival doirasida Rossiya, O‘zbekiston, Belarus, Kongo, Eron, Qozog‘iston, Braziliya, Qirg‘iziston, Xitoy, Hindiston va boshqa davlatlarning teatr jamoalari o‘z spektakllarini namoyish etishdi.
Jumladan, viloyat qo‘g‘irchoq teatri jamoasi buyuk alloma Ali Qushchi hayoti va ijodiga bag‘ishlangan spektakl bilan ishtirok etib, “Eng yaxshi aktyorlik ishi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘ldi.
Shuningdek, festival davomida teatr jamoalari o‘rtasida “Eng yaxshi spektakl”, “Eng yaxshi rejissyor ishi”, “Eng yaxshi rassom ishi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.
Viloyat qo‘g‘irchoq teatri festival doirasida xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirish hamda birgalikda spektakllar sahnalashtirish maqsadida xorij teatr jamoalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Xususan, Belarus Respublikasi Grodno viloyat qo‘g‘irchoq teatri davlat madaniyat muassasasi, Xitoyning Rugao shahridagi The Rugao Puppet Art Troupe teatri hamda Rossiyaning Ryazan qo‘g‘irchoq teatri davlat avtonom madaniyat muassasasi bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Feruzbek Abduraimov,
viloyat qo‘g‘irchoq teatri direktori.