Aliment to‘lashdan qochib yurgan payariqlik ota qo‘lga olindi

Har qanday sharoitda ham aliment to‘lovlari otadan undiriladi, garchi u javobgarlikdan qochib yurgan bo‘lsa ham.
Majburiy ijro byurosining Payariq tumani bo‘limida yuritilgan ish yuzasidan, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tumanlararo sudining qaroriga asosan, qarzdor M.J.dan undiruvchi B.M. foydasiga farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risida ijro hujjati kelib tushgan.

Ma’lum bo‘lishicha, qarzdor ota uzoq vaqtdan beri aliment to‘lovlarini to‘lamaganligi sababli qarzi 53 million so‘mdan oshgan. Bundan tashqari, u noma’lum joyda yashirinib yurgan. Shu bois boshqarmaning qidiruv sho‘’basi tomonidan unga nisbatan qidiruv choralari ko‘rildi.

Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida, qidiruvdagi shaxs qo‘lga olindi va keyingi ijro harakatlarini amalga oshirish uchun davlat ijrochisiga topshirildi.
Qidiruvdagi shaxs o‘z farzandi ta’minotidan bosh tortib, qonunga xilof ravishda harakat qilganligi sababli, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-1-moddasiga asosan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.