Aliment to‘lamagani bois avval 15 sutkaga qamalgan otaga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2021 yil 9 iyuldagi qaroriga ko‘ra, fuqaro X.D. o‘zining bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun sobiq turmush o‘rtog‘i A.A.ning foydasiga daromadlarining to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment pulini to‘lab borishi belgilangan.
Biroq X.D. o‘zining farzandi ta’minotiga befarq bo‘lib, aliment to‘lovlaridan yig‘ilib qolgan 10 million so‘mdan ortiq qarzdorlikni to‘lab berishdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan.
U ilgari jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumani sudining qaroriga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 47(4)-moddasi bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosiga tortilgan.
Lekin X.D. bu jazodan ham o‘ziga xulosa chiqarmasdan, voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan muttasil, qasddan bosh tortib kelganligi sababli Majburiy ijro byurosi Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘limi tomonidan unga nisbatan tergovga qadar tekshirish ishlari olib borilib, Jinoyat kodeksining 122-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Asror ELMURODOV,
MIBning Kattaqo‘rg‘on bo‘limi boshlig‘i.