Samarqandda 350 nafardan ortiq aliment to‘laydigan ayol bor
Bu haqda Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Unda boshqarma boshlig‘i Sur’at Jabborov idoraning o‘tgan 10 oydagi faoliyati va kelgusi rejalari haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, hisobot davrida boshqarma tomonidan 10,3 trillion so‘mlik 1 million 244 ming 702 ta ijro hujjati bo‘yicha majburiy ijro harakatlari olib borilib, 6,9 trillion so‘mlik 641051 ta hujjatning ijrosi ta’minlangan. 413243 ta ish bo‘yicha 2,4 trillion so‘mga yaqin qarzdorlik undirilgan.
Jumladan, soliq qarzdorligi bilan bog‘liq 39758 ta hujjat bo‘yicha 733,5 milliard so‘m, banklar foydasiga undiruv bilan bog‘liq 14033 ta hujjat bo‘yicha 800 milliard so‘m, boshqaruv servis kompaniyalari foydasiga undiruv bilan bog‘liq 10893 ta hujjat bo‘yicha 7,4 milliard so‘m undirilgan. Shu 10 oyda issiqlik, elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti bilan bog‘liq 9700 ta ijro hujjati qabul qilinib, amalda 58 milliard so‘mdan ortiq qarzdorlik qaytarilgan.
Boshqarma boshlig‘i ta’rifi bo‘yicha “eng og‘riqli nuqta” hisoblanadigan aliment undiruvi bo‘yicha viloyatda sudlar tomonidan har oy mingga yaqin hujjat ijroga qaratilishi ma’lum qilindi. Hisobot davrida idora 39 mingdan ortiq shu turdagi ijro hujjatlari bo‘yicha ijro tadbirlarini olib borib, 115,1 milliard so‘mdan ortiq aliment qarzdorligi undirilishiga erishgan. Profilaktik tadbirlar davomida 9888 ta oila yarashtirilgan bo‘lsa, 123 nafar undiruvchiga 1 milliard 173 million so‘mga yaqin mablag‘ aliment to‘lovlari jamg‘armasi hisobidan to‘lab berilgan. E’tiborlisi aliment to‘lovchilar orasida 350 nafardan ortiq ayollar ham bor.