“Anor – 2022” bu yil kimlarni kashf etdi?

“Anor – 2022”, bu ishbilarmon ayollarning o‘ziga xos maydoni. Ushbu tanlovning viloyat bosqichida ishtirok etib, respublika bosqichiga bu yil eng faol tadbirkor ayollar munosib ko‘rildi.

Jumladan, "Eng yaxshi xizmat ko‘rsatuvchi korxona” nominatsiyasida birinchi o‘rin Samarqand shahridagi “Javlon audit servis” auditorlik tashkiloti rahbari Shahnoza Nuriddinova munosib ko‘rildi. “Eng yaxshi ishlab chiqaruvchi korxona” nominatsiyasida Urgut tumanidagi “Zarina sifat tekstil” korxonasi rahbari Zarina Rasulova loyiq deb topildi. “Eng yaxshi fermer” yo‘nalishida g‘oliblik Jomboy tumanidagi “Sherboyev Murodillo chorvasi” fermer xo‘jaligi rahbari Gulchehra Sherboyevaga nasib etdi.
Bir necha yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Anor” ishbilarmon ayollar tanlovi yuzlab tadbirkor ayollarni kashf qildi, ularni rag‘batlantirdi, ba’zilariga to‘g‘ri yo‘nalish berdi.

Tanlov g‘oliblarini taqdirlash munosabati bilan o‘tkazilgan marosimda viloyatda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

-Assotsiatsiyamiz tomonidan bir necha o‘n yillardan beri tadbirkorlarga nazariy, amaliy ko‘mak berib kelmoqdamiz, - deydi “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi viloyat bo‘limi rahbari Feruza Xonkeldiyeva. – Tashkilotimiz bugun ming nafardan ortiq a’zolariga ega. O‘tgan uch yil mobaynida viloyat miqyosida besh mingdan ortiq ayollar assotsiatsiya xizmatlaridan foydalandi. Ayni kunlarda biz tadbirkorlik yo‘nalishini kengaytirmoqchi yoki ish boshlamoqchi bo‘lgan xotin-qizlar uchun agrobiznesni rivojlantirish, yakka tartibdagi korxona ochish, kredit olish masalalari bo‘yicha joylarda seminar-treninglar o‘tkazib kelyapmiz.

Viloyat hokimining o‘rinbosari Z.Rahmonova, Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi S.Rafiqov tadbirkor xotin-qizlarni qutlab, bugun ular uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar xususida so‘z yuritdilar.

Respublika miqyosida o‘tkazilayotgan Tadbirkor ayollar haftaligi doirasida o‘tkazilgan “Anor – 2022” tanlovida har bir shahar, tumandan g‘olib deb topilgan ishbilarmon ayollar turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi. Shuningdek, mazkur haftalik doirasida Samarqandda ishbilarmonlar ayollar tomonidan bir nechta yangi tadbirkorlik korxonalari ham ishga tushdi.

- Yaqindagina Samarqand shahrida birinchilardan bo‘lib go‘zallik akademiyasi tashkil etdik, - deydi Bahora Davronova. – To‘g‘ri, bugungi kungacha ham shahrimizda bir necha xizmat turlarini ko‘rsatayotgan go‘zallik salonlari, sog‘lomlashtiruvchi markazlar ko‘p. Ammo akademiyamizda bularning barchasi bir joyda jamlangan va eng zamonaviy jihozlar bilan jihozlangan. Qolaversa, tajribali shifokorlar bilan hamkorlikda ish olib boramiz. Ayollar uchunzarur qulayliklar qatorida farzandlari uchun maxsus maydoncha ham tashkil qildik.

Anjuman davomida Bahora Davronova kabi ilg‘or tadbirkor ayollar faoliyati hamda bir necha hamkor tashkilotlar vakillari ham e’tirof etilib, assotsiatsiya tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.

Gulruh MO‘MINOVA.