Aqlli o‘rindiq va bekatlar yaratgan tadbirkor

Paxtachi tumanida tug‘ilib, bugun Samarqand shahrida faoliyat olib borayotgan ishbilarmon yoshlardan biri Boburjon Astanov bundan uch yil avval  “Aqlli tashqi o‘rindiqlar” (“SamEcoBench”) loyihasiga asos soldi. Ushbu startap loyihani amalga oshirishdan maqsad nima? Uning yaratilish tarixi qanday? Shu savollarga javob olish maqsadida yosh tadbirkor bilan suhbatlashdik.

— Do‘stlarim bilan bir viloyatga sayohatga bordik, — deydi u. — Gadjetlarimizning quvvati tugab qoldi. Hududdagi bir necha do‘kon va oshxona egalariga murojaat qildik. Ular xizmatlaridan foydalansakkina gadjetni quvvatlab olishimiz mumkinligini aytishdi. Shundan keyin menda “nega ko‘chalarimizda aholi yoki sayyohlar smartfonlarini bepul va beminnat quvvatlab olish imkoniyati yo‘q”, degan savol tug‘ildi.

Xalqimiz va mehmonlar uchun ana shunday imkoniyatni yaratish maqsadida Boburjon jamoa shakllantirib, xorij tajribasini o‘rganishga kirishdi.

— Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatar ekanmiz, Xitoy ko‘chalarida o‘rnatilgan aqlli o‘rindiqlar e’tiborimizni tortdi, — deydi B.Astanov. — 2023 yilda xuddi shunday namuna yaratishga harakat qildik. Ammo u mamlakatimiz iqlimiga to‘g‘ri kelmadi. Shuning uchun mahalliy sharoitga mos aqlli o‘rindiq ishlab chiqishga kirishdik va buni uddaladik.

Boshida Boburjon uchun startap loyihani amalga oshirish oson kechmadi. Bir qancha qiyinchiliklarni yengib o‘tishiga to‘g‘ri keldi.

— Faoliyatimizni boshlaganimizda, yangilik yaratdik, mahsulotimiz bozorda tez o‘z o‘rnini topadi, deb o‘ylagandik, — deydi qahramonimiz. — Ammo adashgan ekanmiz. Startap loyiha o‘ziga bozor yaratishi kerak ekan. Dastlab bunday loyihalarga e’tibor sust edi. Keyingi yillarda mamlakatimizda keng imkoniyatlar yaratila boshladi. Faoliyatimizni kengaytirdik. “Aqlli o‘rindiqlar”dan keyin “Aqlli bekat”lar ham yaratdik.

Yaratilgan imkoniyatlardan foydalangan holda startap loyiha bilan turli tanlovlarda ishtirok etdik. Qoraqalpog‘istonda o‘tkazilgan xalqaro “Green Spark” tanlovida g‘olib bo‘lib, 3 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni qo‘lga kiritdik. Xalqaro ko‘rgazmalarda loyihamiz haqida iliq fikrlar bildirildi. 2025 yilda o‘tkazilgan “Eco Expo Central Asia 2025” xalqaro ko‘rgazmasida ham qatnashdik. Respublika “Yashil hudud” tashkiloti bilan qariyb 1 milliard so‘mlik shartnomalar imzoladik va mahsulotlarimizni mamlakatimizning turli hududlariga yetkazib berish imkoniyatiga ega bo‘ldik.

Viloyatda startap loyiha orqali korxona tashkil qilgan yagona yosh tadbirkor Boburjon Astanov bugun Samarqand shahridagi “Rem.ok.solar” korxonasi vakillari bilan hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirmoqda.

— Xorijda ishlab chiqarilgan geliokollektorlar (suv isitgichlar)ni mamlakatimiz iqlimiga moslashtirish bo‘yicha startap loyihalarni amalga oshiryapmiz, — deydi “SamEcoBench” va “Rem.ok.solar” korxonalarining bosh texnik muhandisi Shohjahon Astanov. — Masalan, Xitoyda ishlab chiqarilgan suv isitgichlarida haroratni bir me’yorda ushlab turuvchi qurilmalarni iqlimimizga moslashtirish, elektr energiyasida uzilish bo‘lgan taqdirda ham quyosh panellari orqali ishlashini ta’minlash ustida ish olib boryapmiz.

Boburjon Astanovning faoliyati shuni ko‘rsatadiki, oddiy hayotiy muammodan boshlangan g‘oya izlanish, sabr va bilim orqali mamlakat miqyosidagi innovatsion loyihaga aylanishi mumkin. “SamEcoBench” nafaqat qulaylik yaratayotgan startap, balki ekologik barqarorlik, yashil texnologiyalar va yosh tadbirkorlik rivojiga xizmat qilayotgan muhim tashabbusdir.

To‘lqin SIDDIQOV,

E’zoza MEYLIYeVA,

Baxtiyor MUSTANOV (video+foto).