Munosabat: Oqdaryodagi bekat muammosi shu oy oxiridayoq hal etilishi ma’lum qilindi

Yaqinda kanalimizda Oqdaryodan kelgan ma’lumot e’lon qilingandi. Unda “Obod qishloq” dasturiga tushib obod bo‘lgan, ammo maktab yonidagi, birgina bekat buzib tashlanib, loyihalashtirilgan bo‘lsa-da yangisi qurilmagani aytilgan. Oqdaryo tuman hokimligiga ko‘ra, may oyi so‘ngiga qadar yengil konstruksiyali bekat qurib bitkaziladi.

“Oqdaryo tumani Go‘zalkent mahallasidagi Uklon qishlog‘i 2021 yil "Obod qishloq" dasturida doirasida Uklon qishlog‘ining qiyofasini o‘zgartirish maqsadida, tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 36-o‘rta maktab oldidagi asosiy yo‘lda joylashgan, eski bekat buzib tashlangandi.

O‘rniga yangi zamonaviy do‘konli avtobekat qurish uchun tuman arxitektori tomonidan loyiha ishlab chiqilgan hamda tashabbuskor tadbirkorga berilib, zamonaviy avtobekatni qurish rejalashtirilgandi. Tadbirkorlar tomonidan tashabbus ko‘rsatilmaganligi sababli, zamonaviy avtobekat qurilmasdan qolgan. Joriy yil may oyining oxiriga qadar yengil konstruksiyali, zamonaviy metall avtobekat Uklon qishlog‘i tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 36-o‘rta maktab oldiga o‘rnatilishini ma’lum qilamiz”, deyiladi munosabatda.