Hazora boshbekati 15 kundan beri nega yopiq?
Tahririyatimizga ko‘pchilik fuqarolar tomonidan 15 kundan buyon Samarqand shahridagi Hazora avtoboshbekati yopib qo‘yilganligi, unga nafaqat yo‘lovchilar, balki jamoat transportlari ham kirolmayotganligini haqida murojaat qilishdi.
Murojaatni o‘rganish maqsadida mazkur avtoboshbekatga borib vaziyatga oydinlik kiritdik.
«Xazora» avtoboshbekati - Samarqand shahrining asosiy kirish darvozalaridan biri hisoblanadi. Bekat orqali kuniga turli yo‘nalishlarda 25 ta avtobus, 50 ga yaqin turli rusumdagi jamoat transportlari yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.
Avtoboshbekat rahbari Erdon Rahmonovning aytishicha, 7-8 noyabr kunlari yoqqan kuchli yomg‘ir tufayli avtoboshbekat hududidan o‘tgan beton ariq to‘silib qolgan va atrofni suv bosgan. Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi ishchilari kelib avtoboshbekatga kirish yo‘lida joylashgan ariqning quvurini olib tashlab to‘plangan oqova suvlarini chiqarib yuborgan. Biroz vaqtdan so‘ng o‘zlari diametri 1000 millimetrlik quvur o‘rnatishga va’da bergan. Biroq oradan 15 kun o‘tsa-da, ular o‘z va’dalarini ustidan chiqishmagan. Natijada Hazora mahallasi orqali Samarqand shahriga kirib kelish yo‘lida kuni bilan tirbandliklar paydo bo‘lgan.
- To‘satdan yoqqan kuchli yomg‘ir Hazora mahallasi ko‘chalarini bosib, bekat hududidagi ariqqa kelib quyilgan va quvurga shox-shabbalar tiqilishi natijasida suv yo‘li to‘sib qo‘yilgan ekan, - deydi Samarqand obodonlashtirish boshqarmasi transport bo‘limi boshlig‘i Ma’mur Muhsinov. - Biz ishchilarimiz bilan ariqni tozalash maqsadida bekatga kirish yo‘lidagi 500 mm.lik hajmdagi quvurni olib tashladik. Endi bekat rahbariyati kattaroq hajmdagi quvurni olib kelib qo‘yishlari kerak. Bunga bizning aloqamiz yo‘q.
Samarqand obodonlashtirish boshqarmasi mutasaddilari tomonidan sodir etilgan bu holatga bekat rahbariyati va haydovchilar o‘z e’tirozlarini bildirmoqda.
Bugun ijodiy guruhimiz bilan borgan vaqtimizda bekat rahbarligida haydovchilar hashar yo‘li bilan eski quvurni yana joyiga ko‘mib, bekatga kirish yo‘lida transport harakatini tiklashgan ekan.
Shu yerda bir savol tug‘iladi, aslida shahar mahallalaridan oqib o‘tuvchi mazkur ariqni tozalash va ta’mirlash ishlari shahar obodonlashtirish bo‘limi vazifasiga kirmaydimi? Ariq hududidan oqib o‘tgani uchun Hazora avtoboshbekati javobgar bo‘lishi kerakmi? 15 kundan buyon jamoat transportining pul tushumi rejalari bajarilmay kelayotganligiga kim sababchi?
Bu haqda shahar hokimligi va mutasaddi tashkilotlardan javob kutib qolamiz?
Dilmurod TO‘XTAYeV,
Baxtiyor MUSTANOV.