Yangi loyiha: avtomashinalar charxpalagi shahardagi tirbandliklarni bartaraf etishga yordam beradi(mi?)

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Samarqand shahar Kengashi hamda shahar hokimligi tashabbusi bilan tuzilgan ishchi guruh Samarqand shahri ko‘cha va yo‘llarida mashinalar tirbandligini oldini olish maqsadida yangi loyihalarni o‘rganib chiqdi.

- Bugungi kunda shahardagi kafe, restoran va to‘yxonalarning atrofida avtomobillar to‘xtash joyi deyarli tashkil etilmagan, - deydi ishchi guruh raisi o‘rinbosari Akbar Axtamov. – To‘yxonalarga kelgan mehmonlar mashinalarini yo‘l chetiga qatorlashtirib qo‘yadi. Shuningdek, savdo majmualari va do‘konlarga kelgan kishilar yo‘l yoqasiga ulovini qo‘yib ketaveradi. Ayniqsa, bozorlar hududlaridagi avtoturargohlarning sig‘imi kichikligidan mashina qo‘yishga joy topilmaydi. Oqibatda ular boshqa transportlarning harakatlanishiga xalaqit beradi.

Shaharda bu kabi sarsongarchiliklarni oldini olish maqsadida yangi loyihalar o‘rganilmoqda.

- Jahonning yirik megapolis shaharlarida ham avtomashina saqlash joylari asosiy muammolardan biri hisoblanadi, - deydi ana shunday loyihalardan birining tashabbuskori Xayrulla Mamasoliyev. – Bunga yechim sifatida Tokio, Shanxay, Moskva, Rim kabi shaharlarda ko‘p qavatli avtomobil turargohlari mavjud. Biz taklif qilayotgan yangi loyiha ham shahrimizning mashinalar eng tig‘iz harakatlanayotgan va tirbandliklar yuzaga kelayotgan hududlariga mos keladi. Bu - avtomashina uchun charxpalakka o‘xshash ob’yekt o‘rnatishdir. Mazkur “charxpalak”ka kichik hududni egallagan holda 12-16 tagacha mashinani joylashtirish mumkin. Bu tajriba butun jahonda keng qo‘llanilmoqda. Bunday avtomashinalar “charxpalagi”ni Samarqand shahri bo‘ylab 50-60 tagacha o‘rnatish, shundagina aholi gavjum hududlar va mashinalar tirband bo‘ladigan ko‘cha va yo‘llardagi harakatlarni tartibga solish mumkin.

Dilmurod To‘xtayev.