Loyishda avtoturargoh, Sug‘onchid

Joriy yil 18 mart kuni Zarnews.uz sayti va telegram kanalida “Oqdaryoning “oq” va “qora”si” sarlavhasi ostida videolavha va maqola e’lon qilingan edi. Unda keltirilgan kamchiliklar, muammolar tuman hokimligi tomonidan o‘rganilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi.

Haqiqatan ham Loyish shaharchasining Amir Temur ko‘chasi kengaytirilib, qayta ta’mirlanishiga qaramasdan tirbandlik kuzatilmoqda. Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida “Oqdaryo dehqon bozori” yonidan avtoturargoh bunyod etish uchun yer maydoni ajratilgan. Ayni paytda bu yerga shag‘al yotqizildi. Endi asfaltlash ishlari amalga oshirilgach, muammo bartaraf etiladi.

Lavhada Sug‘onchi mahalla fuqarolar yig‘ini binosi achinarli ahvolda ekanligi aytilgan. Mazkur mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosini davlat xususiy sheriklik asosida qurish bo‘yicha tadbirkor Komil Amanov bilan shartnoma tuzilgan. Tuman hokimining tegishli qaroriga ko‘ra ayni kunlarda qurilish ishlari boshlandi. Joriy yil Mustaqillik bayrami arafasida yangi zamonaviy bino foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda.

6-umumiy o‘rta ta’lim maktabidagi mavjud kamchiliklar 2021 yil 18 mart kuni tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan muhokama qilindi. Yuqori sinf o‘quvchilarining ota-onalariga farzandlarining darslarga to‘liq qatnashishi bo‘yicha tushuncha berildi. Dars paytida o‘quvchilar davomatining susayishiga e’tiborsiz bo‘lgan maktab direktori Ch.Muhammadiyevaga nisbatan intizomiy chora ko‘rildi.

14-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti 1984 yilda qurilgan bo‘lib, quvvati 75 o‘rinli, hozirgi kunda tashkilotda 80 nafar kichkintoylar tarbiyalanmoqda. 21 nafar ishchi xodim faoliyat yuritmoqda. Ushbu tashkilotning bitta mashg‘ulot xonasi 2020 yil joriy ta’mirlandi. 2021 yil Investitsiya dasturi asosida bog‘chaning 150 o‘ringa mo‘ljallangan yangi zamonaviy binolari quriladi.

Oqdaryo tumani hokimligi axborot xizmati.