Bekat osmondan tushganmi? Yoxud savdo majmuasiga aylangan avtobus bekatlari xususida
Keyingi paytda Samarqand shahridagi aksariyat bekatlarning zamonaviy qiyofa kasb etganiga guvoh bo‘lyapmiz. Biroq ularda yo‘lovchilar uchun emas, ko‘proq bu ob’yektni qurgan tadbirkor uchun qulayliklar yaratilgan. Negaki, shahardagi bekatlarning 70-80 foiz qismiga savdo do‘konlari joylashtirilgan. Ayrimlarida esa yo‘lovchilar uchun deyarli joy qoldirilmagan.
Bu borada mavjud vaziyatni o‘rganar ekanmiz bir holat e’tiborimizni tortdi. Odatda, markaziy ko‘chalar, ya’ni odam gavjum bo‘ladigan joylardagi bekatlar tadbirkorlar tomonidan “obod” qilingan. Ajablanarlisi, ular tomonidan mijozlari (mayli shu o‘rinda yo‘lovchi bo‘lmasin) uchun biror qulaylik yaratilmagan. Ha, ayrim joylarda hatto, olgan mahsulotingizni huzur qilib iste’mol qilishingiz uchun ham imkoniyat yo‘q. Haliku dam olib o‘tirish, yozning jaziramasida salqin yoki qishning qahratonida issiq xonada avtobus kelguncha dam olishni aytmayapmiz.
Misol uchun, Ro‘dakiy ko‘chasida “Nurli yo‘l”, “Dahbed”, “Buyuk Turon” singari bekatlarda yo‘lovchilar uchun yetarli sharoit yo‘q. Bekat tadbirkorlarning mahsulotlari bilan egallangan. Gagarin ko‘chasidagi bekatlarda ham bu kabi holatlarni kuzatishingiz mumkin.
Shahar chetida yoki yo‘lovchi ko‘p to‘planmaydigan bekatlar esa tadbirkorlar bilan birga mutasaddilarning ham e’tiboridan chet qolgan. Ularning aksariyati hatto ta’mirlanmagan.
Xususan, Gagarin ko‘chasining viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ro‘parasidagi hamda Samarqand olimpiya zaxiralari majmuasi yonida joylashgan ikki bekat e’tiborsizlik oqibatida bugun xarob holga kelib qolgan. Bekatdagi savdo do‘konlari ichiga chiqindi to‘plangan. Ammo ushbu bekatlarda yo‘lovchilarning avtobus kutib turganiga guvoh bo‘lasiz.
Shu o‘rinda aksariyat bekatlarda avtobuslarning turnaqator bo‘lib tizilib qolishi nafaqat yo‘lovchilarga, balki yo‘lda harakatlanayotgan boshqa transport vositalariga ham bir qancha muammolarni keltirib chiqarayotganini ta’kidlash joiz. Masalan, shahardagi Dahbed chorrahasida, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidagi “Zebo”, “Universitet hiyoboni”, “Kaftarxona bosh bekati”, mahalliy xalq tili bilan aytiladigan “Povorot” bekatida tartibsizliklarga guvoh bo‘lasiz.
Bekatlarning do‘konga aylantirib yuborilishida “bekat-do‘kon” egalari ayblanmoqda. Bu noto‘g‘ri demoqchi emasmiz. To‘g‘ri, bekatni savdo markaziga aylantirgan tadbirkorlar noqonuniy ish qilgan. Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham borligini yoddan chiqarmaslik lozim. Demoqchimizki, bekatlar tayyor holida osmondan “lop” etib tushib qolmagan.
Bunday deyishimizga sabab bor, albatta. Do‘konga aylanib ketgan bekat loyihasini qurilish boshqarmasi ko‘rmaganmi? Ular ko‘rmasa, nega loyihani ekspertizadan o‘tkazgan tashkilot bu holatga ko‘z yumib, tasdiqlab bergan?
Mayli bekatlar “egalari” bu tashkilotlardan qandaydir yo‘l bilan loyihani o‘tkazishgandir, ammo unga egalik huquqini chiqarib bergan shahar hokimligi qayerga qaragan? Axir egalik huquqini chiqarish uchun butun boshli komissiyaning xulosasi olinmaydimi?
O‘ylaymizki, bu tashkilotlar bekatlar qay tarzda do‘konga aylanib qolganligi, muammoning yechimi to‘g‘risida o‘z munosabatlarini bildirishadi.
Ammo, keng jamoatchilikning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan, viloyat hokimligi darajasida ko‘rib chiqilayotgan bu holatga endi huquq-tartibot organlari qonuniy baho bersa to‘g‘ri bo‘lardi.
Baxtiyor MUSTANOV,
“Zarafshon” muxbiri.