AQShga ketmoqchi bo‘lgan samarqandlik fuqaro “chuv” tushdi. Yo‘l kira uchun sotgan mashinasini sud orqali qaytarib oldi
Ayrim yurtdoshlarimiz amaldagi tartib-qoidalarga rioya qilishdan ko‘ra, o‘z masalasini noqonuniy hal etish yo‘llarini izlab, firibgarlar aldoviga uchramoqda. Bosh prokuratura tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijasiga ko‘ra, 2019 yilning 10 oyida ro‘yxatga olingan jinoyatlarning 11,7 foizini firibgarlik jinoyatlari tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich Samarqandda 10,8 foizga tengligi qayd qilingan.
Amaliyotda firibgarlik jinoyatlarining qalbaki zargarlik buyumlari yoki mavjud bo‘lmagan tovarlarni yetkazib berish, chorva yoki texnikani sotib berish, bankdan kredit olishda yordam berish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga bog‘liq masalalarni hal qilib berish kabi vajlar bilan sodir etilishi kuzatiladi. Aksariyat hollarda, jabrlanuvchilar firibgarlarga o‘zlari “iltimos” bilan borishadi.
Samarqand tumanida yashovchi Jasur Umirov (ism, familiyalar shartli) ham aynan shunday qilgan. U “Spark” rusumli avtomashinasida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanib yurganida Bobur Nodirov bilan tanishib qoladi va O‘zbekistonda tirikchilik qilish yaxshi emasligini, oilaviy sharoitini yaxshilash uchun AQSh davlatiga borishi kerakligini aytadi. B.Nodirovning okeanortida bo‘lganini eshitgach, “Aka meni ham hujjatlarimni to‘g‘rilab bering, Amerikaga ketaman”, deb uni holi-joniga qo‘ymagan.
Bobur buning uchun elchixonaga oldindan 5000 AQSh dollari berish kerakligini aytgan. Jasur hozir puli yo‘qligini, lekin otasiga tegishli “Spark” rusumli avtomashinasini sotishini, ushbu mashina bilan tirikchilik qilish qiyinlashganligini, Samarqand shahrida ham sariq rangli mashinalar ko‘payib ketganligini aytgan...
Albatta, ikki o‘rtadagi ishonch shakllangunga qadar, orada ikki yil muddat o‘tgan. Bu orada Jasur bir necha marta Boburning hojatini chiqargan. Tabiiyki, Bobur ham quruq qoldirmagan...
- 2019 yil aprel oyining taxminan 20-sanalarida Samarqand tumani Qaynama mahallasida joylashgan somsaxona egasi Akmal aka telefon qilib, bitta “Spark” srochno sotilayotganini aytib qoldi, - deydi Past Darg‘om tumani, Dimishqibolo mahallasida yashovchi Asilbek Olimov. – Somsaxonaga kelsam, sariq rangli “Spark” avtomashinasi turganini ko‘rdim. Akmal aka mashina egasi bilan tanishtirgach, avtomashinasini tekshirib shikastlanmaganini va 2016 yilda ishlab chiqarilganini bilib oldim.
A.Olimov avtomashina bahosi 4700 AQSh dollari bo‘lishini aytganida, Jasur 5000 AQSh dollaridan kamiga sotilmasligini bildirgan. Oradan 4-5 soatlar vaqt o‘tgach, Jasur qo‘ng‘iroq qilib, avtomashinani 4.700 AQSh dollariga sotishga rozi ekanini aytib, pulni olib kelishini so‘ragan.
Ajablanarlisi, A.Olimov Jasurga pulni sanab berganida u dollarlarni Boburga tutqazgan. Mashina egasi, ya’ni otasi Rossiya davlatiga ketgani va 15 may kuni O‘zbekistonga qaytib kelishini, o‘shanda avtomashinani Asilbek Olimovning nomiga rasmiylashtirib berishini aytgan.
Ammo belgilangan muddat kelsa hamki, “Spark” avtomashinasi taksichilik qilish uchun ro‘yxatga qo‘yilgan MChJ balansidan chiqarilmaydi. Tabiiyki, A.Olimovning nomiga rasmiylashtirilmaydi ham. Jasurni izlab uyiga kelgan A.Olimov “Spark” avtomashinasining 4700 AQSh dollari miqdoridagi pullarini Amerikaga ketish uchun hujjatlarini rasmiylashtirib beradi, deb Bobur akaga berganini, u esa dom-daraksiz ketganini eshitadi.
Sud Bobur Nodirovga O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan aybli, deb topib, har oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda ikki yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanlash haqida hukm chiqardi.
Sud hukmiga ko‘ra, Samarqand viloyati IIB depozit hisobraqamiga yetkazilgan zarar hisobidan to‘langan 43.895.072 so‘m pul mablag‘lari to‘liq fuqaroviy da’vogar A.Olimovga o‘tkaziladi.
D.NURALIYeV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tumani sudi sudyasi.