Armaniston Bosh vazirida koronavirus infeksiyasi aniqlandi
1 iyun kuni o‘z tug‘ilgan kunini nishonlayotgan Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘zi va oilasida koronavirus infeksiyasi aniqlanganini ma’lum qildi.
“Menda kasallikning hech qanday alomatlari sezilmadi. Biroq harbiy qismlarga tashrif buyurishimni hisobga olib, koronavirusga test tahlili topshirdim. Menda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Shu bilan birga, oila a’zolarimda ham koronavirus infeksiyasi borligi ma’lum bo‘ldi”, dedi Pashinyan.
Uning fikriga ko‘ra, u o‘tkazilgan majlislarning birida kasallikni yuqtirib olgan.
- Xodimlardan biri oldimga qo‘lqopsiz suv olib kelib qo‘ydi. Men unday suvni almashtirib berishini so‘radim. Taxminimcha, bunday holat ilgari ham bo‘lgan, - dedi Pashinyan videomuloqotda.
U o‘zining hukumat qarorgohidan turib ishlashda davom etishini ma’lum qilar ekan, unda va oila a’zolarida kasallikning alomatlari sezilmayotganligini aytdi.
Shuningdek, hukumat rahbari xodimlariga kasallik yuqtirmaganligiga umid bildirdi.