Armaniston qurolli kuchlarini to‘liq jangovar shay holatga keltirdi

Armaniston qurolli kuchlari harbiy birlashmalari to‘liq jangovar shay holatga keltirildi. Bu haqida Lenta.ru nashri Armaniston mudofaa vazirligi matbuot xizmati taqdim etgan xabarga tayanib ma’lum qildi. 

“Harbiy qismlarda shaxsiy tarkib va texnika qabul qilish qarorgohlari tashkillashtirilgan. Bo‘linmalar tarkibi aniqlandi va mudofaa hududlariga joylashtirildi”, - deya ta’kidlangan xabarda.  

Bo‘linmalar tarkibini aniqlash ishlari mahalliy hokimiyat va Tog‘li Qorabog‘dagi jangovar harakatlarda ishtirok etgan harbiylashgan birlashma “Yerkrapa” ko‘ngillilar uyushmasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. 

Biroz ilgari, 2 oktyabr kuni Ozarbayjon qurolli kuchlari, tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ poytaxti Stepanakertga hujum uyushtirganligi ma’lum qilindi.  

1991 yilda aholisining ko‘p qismi arman millatiga mansub bo‘lgan Tog‘li Qorabog‘ o‘zining Ozarbayjondan mustaqil bo‘lganini e’lon qildi. Boku hududni kuch bilan qaytarib olishga harakat qildi, vaziyatga Armaniston aralashganidan so‘ng urush kelib chiqdi. 1994 yilda Ozarbayjon, Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ o‘rtasida Rossiya vositachiligi yordamida tinchlik sulhi tuzildi, biroq hozirga qadar harbiy to‘qnashuvlar muntazam takrorlanib turadi.