Armiyadagi hangoma: Askarcha salom

Kamina oliygohni bitirib, bir necha yil ishlagach, "keksayganimda" armiya hayoti bilan qiziqib qoldim. Arizam ham darrov qabul qilinib, ko‘z ochib yumguncha o‘zimni harbiylar orasida ko‘rdim.

Ko‘rdimu xayol-payol qochib ketdi – butunlay boshqa dunyo. Xizmatning birinchi kunidanoq shoshib qoldim. Guruh komandiri ham, vzvod komandiri ham eng birinchi bo‘lib qulog‘imizga quygan narsa – harbiycha salomlashish bo‘ldi. Harbiycha salomlashishni bilmaslik eng katta sharmandalik ekan.

– Bu – armiya! Bu yerda "assalom", "xo‘jayin, yaxshimisiz", "salomatmilar" degan gaplar ketmaydi, – dedi guruh komandiri.

– O‘zingdan unvoni yuqori turadigan harbiyni ko‘rdingmi, qo‘lingni chakkangga qo‘yib "chest" berasan, askar, esingdan chiqmasin! – dedi vzvod komandiri.

– Bu yerda faqat bir xil salom beriladi: "Salomatlik tilayman, o‘rtoq mayor, leytenant kabi..." unvonini aytasan!

Xullas, kechgacha shuni anglab yetdimki, harbiycha salomlashish – bu hayotning eng muhim shartlaridan biri ekan...

– Podyom!!!

Xizmatdagi birinchi tong qulog‘im ostida gumburlagan mana shu so‘z bilan boshlandi. Barcha askarlar sakrab turib, besh soniya ichida kiyinishgach, safga yugurishdi. Ortiqcha vazn, ertalabki lohaslik, umuman, o‘sha vaqtlarda erta turishga odatlanmaganim shu yerda pand berib, safga kechikdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, qismning barcha askarlari safga tizilgan. Ularga qo‘shilish uchun komandirlarim yonidan o‘tib borishim kerak.

Aksiga olib ro‘paramda kelbatli ikki polkovnik (keyin bilsam, ulardan biri batalon komandiri, ikkinchisi markaziy harbiy okrugdan kelgan komissiya vakili ekan) turibdi. Ularning yonidan qanday o‘tish kerak, kecha harbiycha salomlashish haqda aynan nima deyilgan edi? Shu o‘ylayman, qani xayolimga kelsa. O‘ylab o‘tirishga vaqt yo‘q, hammaning ko‘zi menda. Xullas, qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib, qiroat bilan qo‘yvordim: "Assalomu alaykum!".

Batalon komandirining ko‘zidan o‘t chiqib ketdi, guruh komandiri va vzvod komandirlari sholg‘omday qizarib qoldi. Umuman, hech kim nafas ham olgani yo‘q. Ikki mingta ko‘z menga qaragan. Markaziy harbiy okrug vakili esa xuddi o‘zga sayyoralikni ko‘rganday biroz kalovlanib turgach, qah-qah otib kulib yubordi: "Vaaaalaykum assalom. Sog‘-salomat yuribsizmi, uydagilar, qon-qarindoshlar, hamma yaxshimi? E, yashaaang!". Shu ondan boshlab, meni hamma tanib qoldi, ayniqsa boshliqlar...

Komissiya ketgach, batalon komandirining meni chaqirgan ovozidan devorlar qimirlab, nazarimda, shiftdan ham bir parcha tuproq o‘pirilib tushdi:

– Askaaaaar!!!

O‘sha kuni menga berilgan intizom chorasi (naryad), umuman, tong sahardan bajariladigan jismoniy chiniqish mashqlari, o‘quv mashg‘ulotlari va qat’iy tartib – meni kun sanashga majbur qilardi. Ammo bularning hammasi ilk taassurotlar ekan. Tez orada jismoniy mashqlardan rohatlanadigan, o‘quv va ma’naviy tayyorgarlik soatlarini kutadigan bo‘lib qoldim. Ana shunday darslardan birida "tanish" polkovniklar yana kelib qolishdi. Men bilan bog‘liq taassurotlarini unutishmagan shekilli, siyosiy xarita oldiga borib, savol-javobni, tabiiyki mendan boshlashdi. To‘g‘ri, o‘sha vaqtlar mening shoshib qoladigan odatim bor edi, ammo bilim masalasi boshqa, yoshlikdan bilimga chanqoqman. Komandirlarning ketma-ket berilgan savollaridan birortasi javobsiz qolmagach, "kombat" kelib yelkamdan ushladi:

– Molodets! Xato qilmagan askar askarmi?! Armiyada “kalla” ham kerak.

Batalon komandirining maqtovi kimga yoqmaydi, deysiz? Ko‘p o‘tmay armiya menga uyimday bo‘lib qoldi. Kunlar suvday oqib o‘ta boshladi. Harbiy hayotga shunchalik o‘rganib ketdimki, xizmatning so‘nggi kuni kelganini sezmay qolibman.

Qasamyod qabul qilib, qo‘limga harbiy biletni olgach, men uchun xizmat tugaganini tushundim. Kimga rost, kimga yolg‘on – armiyadan ketayotganimga ichimdan bir nima uzilganday bo‘ldi.

Sobiq askar daftaridan.