Atambayev Qirg‘iziston prezidentini iste’foga chiqishga chaqirdi
Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev mamlakatning amaldagi prezidenti Sooronbay Jeenbekovni iste’foga chiqishga chaqirdi. Bu haqda RIA Novosti nashri xabar berdi.
“Sooronbay Jeenbekov Sadir Japarov (Bosh vazir)ga va’da berganidek, zudlik bilan iste’fo e’lon qilishi kerak. Biz barchamiz bunga erishishimiz zarur. Aks holda kech bo‘ladi”, deb yozdi Atambayev uning advokatlari tarqatgan murojatida.
Sobiq prezidentning so‘zlariga ko‘ra, 5 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan ommaviy tartibsizliklardan so‘ng muxolifat ichida nizo kelib chiqqan va yetakchilar o‘rtasida o‘zaro tortishuvlar boshlangan, buning oqibatida ular eng asosiy narsani qo‘ldan chiqarib yuborishgan – Sooronbay Jeenbekov o‘z pozitsiyalarini mustahkamlab olishga erishgan.
Eslatib o‘tamiz, 10 oktyabr kuni Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev yana hibsga olinganligi haqida ma’lum qilindi. U ommaviy tartibsizliklar uyushtirganlikda ayblanmoqda.