Axborot texnologiyalari mutaxassislari Samarqandda jam bo‘ladi

Samarqand shahri joriy yilning 24-27 oktyabr kunlari yana bir nufuzli xalqaro tadbir – «ICTWEEK Uzbekistan» O‘zbekiston axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Mazkur haftalik O‘zbekiston axborot texnologiyalari sohasida 2004 yildan buyon o‘tkazib kelinadi.

- «ICTWEEK» haftaligining Samarqand shahrida o‘tkazilishi bejiz emas, - deydi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini  rivojlantirish vazirligi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Xo‘jamberdiyev. - Chunki Samarqandda IT yo‘nalishida xizmat qilayotgan mutaxassislar ko‘p. Haftalik davomida jahonning eng yirik kompaniyalarining zamonaviy texnologiyalari hamda innovatsiyalar yutuqlarini namoyish etish bilan birga xorijdan kelgan tajribali mutaxassislar bilan o‘zaro tajriba almashiladi. Yurtimiz IT bozorining jozibadorligi xorijiy investorlarga namoyish etiladi.

Haftalik davomida “Digital Eurasia Forum” i ham bo‘lib o‘tadi. Forum axborot texnologiyalari sohasidagi zamonaviy tendensiyalarga oid masalalarni muhokama qilish uchun noyob ekspert maydonchasi bo‘lib, mamlakat axborot texnologiyalari tarmog‘ining rivojlanishiga qaratilgan strategik yechimlar va dasturlarni ishlab chiqishga ko‘maklashadi. Forumda ziddiyatlar tahlili o‘tkaziladi, rivojlanish salohiyati va uni amalga oshirish imkoniyatlari baholanadi.

"ICTWEEK Uzbekistan" axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tadbiri doirasida "ICTFORUM" 2015 yildan buyon o‘tkaziladi. Avvallari "ICTWEEK Uzbekistan" umumiy g‘oya asosida birlashgan, lekin har biri o‘z uslubiga ega qator mustaqil tadbirlardan iborat bo‘lardi. "ICTWEEK Uzbekistan"ning yangi formati barcha ixtisoslashgan tadbirlarni birlashtirdi.

Forumning panel muhokamalari mamlakat axborot texnologiyalar tarmog‘ining rivojlanishiga yo‘naltirilgan strategik yechimlar va dasturlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.

Haftalikka Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasidagi davlat boshqaruvi organlari, korxona va tashkilotlar rahbarlari, xalqaro ekspertlar va tahlilchilar, yirik mahalliy va xorijiy IT-kompaniyalar vakillari qatnashish uchun taklif etilgan. Agar forumni raqamlarda ifodalaydigan bo‘lsak, tadbirga har yili 500 dan ziyod kishi tashrif buyuradi, turli mavzular bo‘yicha 50 dan ziyod ma’ruzachi qiziqarli ma’ruzalar bilan qatnashadi. Forum ishtirokchilarining muloqoti blok konferensiyalar, seksiya majlislari, mahorat saboqlari va panel muhokamalari ko‘rinishida o‘tadi. 2022 yildan boshlab Forum DIGITAL EURASIA FORUM nomi ostida o‘tadi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida o‘tkaziladigan mazkur tadbirda yetakchi IT-kompaniyalar vakillari va tarmoq ekspertlaridan tarkib topgan Forum dasturiy qo‘mitasi faqat yangi keysga ega dolzarb va qiziqarli ma’ruzalarni saralab oladi. Forumda qatnashish uchun xorijiy ekspertlar va ushbu sohada katta mehnat tajribasiga ega mutaxassis-olimlar taklif etilgan.

Dilmurod To‘xtayev.