Agronom va mutaxassislar xalqaro standartlar bo‘yicha o‘qitilmoqda
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qanchalik darajada sifatli bo‘lib, ta’m-maza jihatidan yuqori baholansa-da, xalqaro bozorda unga bo‘lgan talabni oshirish va eksport geografiyasini kengaytirish uchun turli xalqaro standartlar va sertifikatlash tizimlarini joriy etish eng muhim jarayonlar hisoblanadi.
Shundan kelib chiqqan holda Xalq banki “Qo‘shrabot-agro star”, “Angor-agro star” korxonalari tomonidan mayizchilik va sabzavotchilik sohalariga “GLOBAL G.A.P.”, “Organic”, Sifat menejmenti tizimi xalqaro standartlarini joriy etishni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish maqsadida korxonalar agronomlari, mutaxassislari uchun 2 haftalik treninglarga start berildi.
Ushbu treninglar xalqaro standartlarni joriy etish va sertifikatlash, sohada auditlarni o‘tkazish bo‘yicha tajribali xorijiy mutaxassislar Diyego Rodrigez hamda Anil Sadich tomonidan olib borilmoqda.
D.Rodrigez sohada faoliyatini 2000 yilda boshlagan, hozirda dunyoning 52 ta mamlakatlarida o‘z hamkorlariga xizmat ko‘rsatib kelayotgan “Agrisert” kompaniyasi (Portugaliya), Anil Sadich esa sohada faoliyatini 2018 yilda boshlagan, hozirda dunyoning 20 dan ortiq mamlakatlarida o‘z hamkorlariga xizmat ko‘rsatib kelayotgan “Natursert” kompaniyasi (Turkiya) mutaxassislari hisoblanadi.
Trening yakunidagi imtihonlar asosida ishtirokchilarga yuqorida sanab o‘tilgan 3 ta xalqaro standartlar bo‘yicha yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalar bilan ish olib borish vakolatini beruvchi hamda xalqaro darajada qabul qilinuvchi sertifikatlar beriladi.
Sherzod Suvonqulov.