Ona-yurt qalqoni, tinchligimiz posboni

Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 34 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni keng nishonlandi.

Dastlab, viloyat hokimi va Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, huquq-tartibot idoralari rahbarlari va faollar Samarqand shahridagi Amir Temur maqbarasini ziyorat qildilar, sohibqiron bobomiz haykali poyiga gullar qo‘yildi.

Shundan so‘ng tadbir qatnashchilari Samarqand viloyati mudofaa ishlari boshqarmasida bo‘lib, bu yerda amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishdilar.  O‘tgan yil mahalliy byudjet hisobidan 5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilib, chaqiriluvchilarning jismoniy va intellektual qobiliyatini aniqlash, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun qulay sharoit yaratildi, 210 o‘rinli oshxona qurildi. Hammom va yotoqxonada ta’mirlash ishlari bajarildi.

Viloyat hokimi va faollar Milliy gvardiya viloyat boshqarmasida tashkil etilgan xotira yodgorlik majmuasi ochilishida qatnashdi va Vatanimiz tinchligi, xalqimiz osuda hayoti uchun jon fido qilgan harbiy xizmatchilar xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Shu yerda Milliy gvardiya harbiy bo‘linmalari saf ko‘rigi va ularning ko‘rgazmali jangovar chiqishlari namoyish etildi. Zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar ko‘razmasida bu vositalarning texnik imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.

Bayram munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosim avvalida Samarqand viloyati hokimi A.Boboyev so‘zga chiqib, o‘z hayotini ona-Vatanimiz himoyasiga bag‘ishlagan harbiy xizmatchilar va soha faxriylari, ularning oila a’zolarini O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 34 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladi. Bugun dunyoda yuzaga kelgan  vaziyatda Vatanimiz mustaqilligi va suvereniteti, hududiy yaxlitligini ta’minlashga qodir Qurolli Kuchlar shakllantirilgani va bu boradagi ishlar izchil davom etayotganini ta’kidladi.

– Kecha hurmatli Prezidentimiz raisligida Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishda mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlash, mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasidagi ustuvor vazifalar muhokama qilinganidan yaxshi xabardorsiz, – dedi A.Boboyev. – Davlatimiz rahbari tinchlik va xotirjamlik eng qimmat boylikka aylanayotganini unutmagan holda uni asrab-avaylash uchun har bir soha va tarmoq xavf-xatarlarga oldindan javob qaytarish bo‘yicha “proaktiv ish rejimi”ga o‘tishi shartligini qayd etdilar. Bu borada kelgusi istiqbolga mo‘ljallangan eng muhim vazifalar belgilab berildi. Qurolli Kuchlarimizda zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellektdan keng foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, harbiy kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, harbiy xizmatchilar va faxriylarni, ularning oila a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, muddatli harbiy xizmatga jalb etilayotgan yoshlarga yanada keng imkoniyatlar yaratish bo‘yicha muhim tashabbuslar ilgari surildi. Bu vazifalarning amalga oshirilishi milliy armiyamizning qudratini yuksaltirish, harbiylikning sharaf va mas’uliyatini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Marosimda bir guruh harbiy xizmatchilar, huquq-tartibot idoralari xodimlari viloyat hokimligining faxriy yorliq va tashakkurnomalari, qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.