Bakteriya va zamburug‘larni yo‘qotuvchi sabzavot

Sholg‘om tarkibida 9 foizgacha shakar va ko‘p miqdorda C vitamini (boshqa ildizmevalarga nisbatan ikki baravar ko‘p), B guruhidagi vitaminlar mavjud.

Sariq sholg‘om tarkibida yuqori konsentratsiyada provitamin A saqlanadi. Organizm uchun zarur bo‘lgan mikroelementlardan mis, temir, marganets, rux, yod va boshqalar aniqlangan.

Oltingugurt miqdori jihatidan, bu boshqa sabzavotlar orasida birinchi o‘rinni egallaydi, fosfor miqdori bo‘yicha esa turp va rediskani ortda qoldiradi. 

Ushbu past kaloriyali sabzavot tarkibida oson hazm bo‘ladigan polisaxaridlar, shuningdek, ichak peristaltikasini rag‘batlantiruvchi kletchatka mavjud. Bu uni ichaklar uchun foydali bo‘lgan parhezbop taomga aylantiradi. 

Sabzavot tarkibida glyukorafanin — saratonga qarshi xususiyatlarga ega bo‘lgan sulforofanning o‘simlik asosli analogi topilgan. Ushbu element faqat sholg‘om va karamda uchraydi. 

Sholg‘om zamburug‘larga qarshi va antibakterial xususiyatlarga ega. Unda ba’zi zamburug‘lar o‘sishini bostiradigan o‘simlik antibiotiklari, shuningdek mikroblarga qarshi ta’sirga ega bo‘lgan lizozim mavjud.