Asab tizimi uchun foydali tabiiy oziq-ovqatlar qaysilar?

Tibbiyot xodimlari bu borada ro‘yxatning avvaliga ko‘katlarni qo‘yadi. "Ko‘katlarda ko‘p miqdorda kaliy mavjud. Bu asab to‘qimalari sog‘lig‘ini saqlash uchun foydali", deyishadi ular.

Banan

Ko‘katlardan keyin aynan banan asablarni sog‘lom saqlash va ruhiy tushkunlik vaqtida tinchlanish uchun zarur bo‘lgan V guruhi darmondorlariga boy, deyishadi tibbiyotchilar. Banan asab impulslari to‘g‘ri uzatilishi uchun "javobgar". Bu eng mashhur antidepressant mahsulot bo‘lib, surunkali charchoq va lanjlikda qo‘l keladi.

Banan tarkibida "baxt gormoni" - serotonin, shuningdek, "uyqu gormoni" - melotonin ajratadigan moddalar bor. Ular kayfiyatni ko‘taradi, uyqu sifatini yaxshilaydi, depressiyaning oldini oladi.

Anor

Bu meva ham asab hujayralarini himoya qiluvchi kuchli antioksidant hisoblanadi.

Zig‘ir

Uning urug‘lari shikastlangan asab hujayralarini himoya qiladi va ularning tiklanishiga yordam beradi.

Avakado

Bu meva tarkibida sog‘lom yog‘lar va mikroelementlar, shu jumladan xolin (qon tomirlarini tozalovchi va asab tizimini qo‘llab-quvvatlovchi) mavjud.

Sitrus mevalar

Ulardagi C darmondorisi asab tizimi faoliyatida muhim rol o‘ynaydi.

Bodom

V2, Ye darmondorilari hamda rux, magniy moddalariga boy. Bu moddalar serotonin ishlab chiqarishda ishtirok etadi. Avvalgi ma’lumotlarimizda serotonin moddasi insonga baxtiyorlik hissini berishi haqida o‘qigan bo‘lsangiz kerak.

Shuningdek, u kishida vahima tuyg‘usini bartaraf etishi, uyquni me’yorga solib, ovqat hazm bo‘lishiga yordam berishi bilan ham foydali. 30 gramm bodom iste’moli asabning bir kunlik oziqlanishi uchun yetarli ekan.

Ko‘k choy

Choy antioksidantlar va flavonoidlari ruhiy zo‘riqishga qarshi ta’sirga ega. Bundan tashqari, choy ichish jarayonining o‘zi ham xotirjamlik tuyg‘usini beradi - buni meditatsiyaning bir turi deyish mumkin.

Dilora Xoliqova tayyorladi.